Aziz Ustozlar, murabbiylar, qadrli hamkasblar!

25.09.2017

Mana shunday shukuhli damlarda Siz, mo‘tabar Ustozlarni va murabbiylarni yurtimizda keng nishonlanayotgan “Ustozlar va murabbiylar kuni” bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarni izhor etishni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

Hozirgi zamonda insonlarning bilimi va malakasi jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini belgilovchi muhim omil ekanligini barchamiz to‘liq anglaymiz. Shu sababli mamlakatimizda ta’limni rivojlantirish istiqboli davlatimiz siyosatining eng asosiy masalalaridan biriga aylangan. Zero farzandlarini sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ularning baxtu iqbolini ko‘rish – har bir ota-ona, har qaysi oilaning eng ulug‘ va muqaddas orzusidir.

Ma’lumki so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimi jamoasining samarali mehnati bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablari asosida iqtisodiyotning turli sohalariga mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida bir qator salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Aziz ustozlar bugun barchamizning e’tiborimiz markazida turishi zarur bo‘lgan vazifalar haqida gapirganda, oliy ta’lim tizimida qo‘lga kiritgan yutuqlarimizga mahliyo bo‘lmasdan, beparvolik kayfiyatiga berilmasdan, erishgan natijalarimizni tanqidiy baholab, zamonaviy mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida shiddat bilan rivojlanib borayotgan hayot talablari bilan hamohang bo‘lib, ko‘zlagan istiqbolimizga dadil qadam qo‘yishimiz nihoyatda muhimdir.

Ustoz murabbiyning o‘ziga xos yuksak fazilatlari, o‘z kasbiga fidoiyligi bo‘ladiki, qachon qaramang, o‘zi ko‘p yillardan beri ishlaydigan ta’lim tizimini takomillashtirish borasida yelib-yuguradi, tinib-tinchimaydi. Ayniqsa, professor-o‘qituvchilarning salohiyatini oshirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama yetuk mutaxassislar etib tayyorlash borasida yetakchi bo‘lish har bir pedaogogning maqsad-muddaosiga, hayot mezoniga aylangan. Jamiyatimizda mana shunday fidoyi, jonkuyar insonlar bor ekan, yaxshiliklar ko‘payadi, mehr-oqibat qalblardan-qalblarga ko‘chib o‘taveradi, hayotimiz yanada farovon bo‘laveradi.

Aziz hamkasblar, qadrdonlar, Sizlarni barchangizni “Ustozlar va murabbiylar kuni” bayrami bilan chin qalbdan tabriklayman, jamoamizga baxt-saodat, tinchlik va xotirjamlik tilayman, bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklar ro‘yobga chiqsin!!! Kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda barchamizni vatanparvarlik va fidoiylik fazilatlari tark etmasin!

Hurmat bilan,

Institut rektori k.f.d. Sh. A. Mutalov