TKTI rektori Sh. A. Mutalovning Yangi yil tabrigi

26.12.2017

                                                                                    Aziz Ustozlar, qadrli hamkasblar!

   Mana shunday shukuhli damlarda Siz, mo‘tabar Ustozlarni va barcha hamkasblarni, ko‘p ming sonli talabalarimizni kirib kelayotgan yangi 2018 yil bilan chin qalbdan tabriklab, samimiy tilaklarni izhor etishni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

   Hozirgi zamonda insonlarning bilimi va malakasi jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini belgilovchi muhim omil ekanligini barchamiz to‘liq anglaymiz. Shu sababli mamlakatimizda ta’limni rivojlantirish istiqboli davlatimiz siyosatining eng asosiy masalalaridan biriga aylangan. Zero farzandlarini sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ularning baxtu iqbolini ko‘rish – har bir ota-ona, har qaysi oilaning eng ulug‘ va muqaddas orzusidir.

   Poyoniga yetayotgan 2017 yilda jamoamiz xayotida yaxshi kunlar, ta’lim tizimida ulkan yutuqlar ko‘p bo‘ldi. Aziz hamkasblar bugun barchamizning e’tiborimiz markazida turishi zarur bo‘lgan vazifalar haqida gapirganda, oliy ta’lim tizimida qo‘lga kiritgan yutuqlarimizga mahliyo bo‘lmasdan, beparvolik kayfiyatiga berilmasdan, erishgan natijalarimizni tanqidiy baholab, zamonaviy mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida shiddat bilan rivojlanib borayotgan hayot talablari bilan hamohang bo‘lib, ko‘zlagan istiqbolimizga dadil qadam qo‘yishimiz nihoyatda muhimdir.

   Ustoz murabbiyning o‘ziga xos yuksak fazilatlari, o‘z kasbiga fidoiyligi bo‘ladiki, qachon qaramang, o‘zi ko‘p yillardan beri ishlaydigan ta’lim tizimini takomillashtirish borasida yelib-yuguradi, tinib-tinchimaydi. Ayniqsa, professor-o‘qituvchilarning salohiyatini oshirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama yetuk mutaxassislar etib tayyorlash borasida yetakchi bo‘lish har bir pedaogogning maqsad-muddaosiga, hayot mezoniga aylangan. Jamiyatimizda mana shunday fidoiy, jonkuyar insonlar bor ekan, yaxshiliklar ko‘payadi, mehr-oqibat qalblardan-qalblarga ko‘chib o‘taveradi, hayotimiz yanada farovon bo‘laveradi. Shunday ekan, ertangi kunimiz bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda barchamizni vatanparvarlik va fidoiylik fazilatlari tark etmasin!

   Aziz hamkasblar, qadrdonlar va barcha talabalarimiz, Sizlarni barchangizni va oila a’zolaringizni kirib kelayotgan yangi 2018 yil bilan chin qalbdan tabriklab, jamoamizga baxt-saodat, tinchlik va xotirjamlik tilayman, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin, yurtimizning tinchligi, xalqimizning farovonligiga ko‘z tegmasin! Bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklar ro‘yobga chiqsin!!!

 

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori

k.f.d., dots. Mutalov Sh.A.