Aziz Ustozlar, qadrli hamkasblar!

28.12.2019

Mana shunday shukuhli kunlarda mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan bir davrda barcha yurtdoshlarimizni, ustoz-murabbiylarni, barcha institut jamoasini va talaba-yoshlarimizni kirib kelayotgan Yangi - 2020 yil bilan chin qalbdan muborakbod etib, samimiy tilaklarni izhor etishni o‘zim uchun katta sharaf deb hisoblayman.

Hozirgi zamonda yoshlarning bilimi va malakasi jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini belgilovchi muhim omil ekanligini barchamiz to‘liq anglaymiz. Shu sababli mamlakatimizda ta’limni rivojlantirish istiqboli davlatimiz siyosatining eng asosiy masalalaridan biriga aylangan. Buyuk bobomiz Abdurauf Fitrat aytganlaridek “Bu dunyo kurash maydonidir,sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir” zero farzandlarini sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, ularning baxtu iqbolini ko‘rish – har bir ota-ona, har qaysi oilaning eng ulug‘ va muqaddas orzusidir.

Aziz hamkasblar bugun barchamizning e’tiborimiz oliy ta’lim tizimida qo‘lga kiritgan yutuqlarimizga mahliyo bo‘lib qolmay, ta’lim sifatini oshirish borasida erishgan natijalarimizni tanqidiy baholab, zamonaviy mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida hayot talablari bilan hamohang bo‘lib, ko‘zlagan istiqbolimiz sari dadil qadam qo‘yishimiz nihoyatda muhim.

Ustoz-murabbiylar va professor-o‘qituvchilarning salohiyatini yanada oshirish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama yetuk mutaxassislar etib tayyorlash har bir pedagogning hayot mezoniga aylangan.

Aziz hamkasblar, qadrdonlar va barcha talaba-yoshlar, Sizlarni, barchangizni va oila a’zolaringizni kirib kelayotgan Yangi - 2020 yil bilan chin qalbdan tabriklab, oilalarga, jamoamizga baxt-saodat, tinchlik va xotirjamlik tilayman, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin, yurtimizning tinchligi, xalqimizning farovonligiga ko‘z tegmasin! Barchamiz uchun kirib kelayotgan 2020 yil yuksak muvaffaqiyatlar yili bo‘lsin.

Bayram kunlarida qilingan barcha ezgu tilaklaringiz ro‘yobga chiqsin!!!

 

 

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori

k.f.d., prof. Mutalov SH.A