Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Shukurillayevich Usmonovning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

07.12.2020

Hurmatli Vatandoshlar!

Avvalo, barchangizni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman!

Har qanday jamiyat tamaddunining asosiy negizida tartib, qoida turishi hech kimga sir emas. Tartib oʻrnatilmagan jamiyat, mamlakat parokanda boʻladi, zavol topadi. Butun olamlar ham aniq bir tartib asosida yaralgan va tartib bilan muvozanatda turadi. Shunday ekan, bizning jamiyatimiz, mamlakatimiz ham tartib qoidalarga muhtoj ekanligi bor gap. Ana shu tartiblarning asosi esa konstitutsiyadir.

Uzoq va haybatli tarixiy madaniyatimiz millatimizning qanchalik yuksak intizomli, axloqli xalq boʻlganligini koʻrsatadi. Qon qonimizga singib ketgan ulkan madaniyatimiz negizida yaratilgan Konstitutsiyamiz ham katta adolat va farovonlik ramzi desam mubolagʻa qilmagan boʻlaman.

Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega boʻlish, taʼlim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, soʻz hamda eʼtiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga koʻtardi.

Ana shuning uchun ham konstitutsiya qabul qilingan sana alohida eʼtiborga loyiqdir. Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi.

Aziz hamkasblar, hurmatli talaba-yoshlar, sizlarni shunday ulugʻ, bayram, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman! Barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

 

Hurmat bilan,

Rektor Botir Shukurillayevich Usmonov