Hurmatli Toshkent kimyo-texnologiya instituti jamoasi!

30.12.2020

Avvalo, sizlarni kirib kelayotgan yangi yil bilan chin dildan tabriklayman. Hammamizga maʼlumki, oʻtgan 2020-yil butun dunyo uchun ogʻir boʻldi. Pandemiya jamiyatning har bir sohasiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Ammo, shunga qaramasdan institut hayotining hech bir jabhasida oqsoqlanish koʻzga tashlangani yoʻq. Albatta, buning ortida institut jamoasining katta mehnati yotibdi. Men har bir xodimning bu yoʻldagi mehnatini qattiq qadrlashimni taʼkidlagan holda barchangizga chuqur minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman. Shunday qiyin damlarda ham oʻz kasbiga fidoiylik bilan yondashgan professor-oʻqituvchilar, oʻquv yordamchi va texnik xodimlarga institut rahbariyati va shaxsan oʻzimning nomimdan rahmatlar aytaman. Oʻylaymanki, kirib kelayotgan 2021-yilda ham ana shunday hamjihatlikda bir jamoa boʻlib katta marralarni zabt etamiz.

Qadrli talaba-yoshlar! Hech shubha yoʻqki, sizlar bizning kelajagimizsiz. Har biringiz bizlar uchun qadrlisiz. Sizlar ham 2020-yilda yuz bergan qiyinchilikka qaramasdan ilm olishdan toʻxtab qolmadingiz. Erishgan bir qator yutuqlaringiz institutimiz nomini yana-da koʻklarga koʻtarilishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Umid qilamanki, yangi 2021-yilda ham ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishdan aslo toliqmaysiz.

Hurmatli hamkasblar, aziz talabalar! Yangi yilda hammangizga mustahkam salomatlik, omad va baxt tilab qolaman. 2021-yil faqat yaxshi yangiliklarga boy boʻlsin. Yangi yilingiz muborak boʻlsin!

Hurmat bilan, rektor Botir Shukurillayevich Usmonov