9 may – Xotira va qadrlash kuni

10.05.2019

Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi.

Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.

Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug` fazilatlaridan biridir. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog`idadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko`rsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o`tgan momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga g`amxo`rlik va e`tibor ko`rsatish mustaqillik yillarida yangicha ma`no-mazmun bilan boyidi.

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

 Toshkent kimyo texnologiya instituting rektori Sh.A.Mutalov boshchiligida bir guruh institut faxriy professor-o’qituvchilari va talabalari 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mustaqillik maydonidagi "Motamsaro ona" haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar.