TKTI “TILLАR” KАFEDRАSI PROFESSOR-OʼQITUVChILАRI TOMONIDАN “XOTIRА DАRSLАRI” OʼTKАZILDI

11.05.2019

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent kimyo-texnologiya institutida 9-may - Xotira va Qadrlash kunini koʼtarinki ruxda oʼtkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼrifiy tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. 
Shulardan biri – har bir akademik guruhda Xotira darslarini tashkil qilish va oʼtkazishdir. Bayram oldi haftasida “Tillar” kafedrasi professor-oʼqituvchilari tomonidan guruhlarda oʼzbek va rus tillarida Xotira darslari tashkil qilindi va oʼtkazildi.
Yurtimizda xalqimiz oʼtmishini oʼrganish, ajdodlarimiz ruhini yod etish, ulardan bizga qadar yetib kelgan moddiy va nomoddiy merosni asrash davlat siyosati darajasiga koʼtarilgan. Tinchlik bizga ajdodlarimizdan qolgan meros. Har yili nishonlanadigan 9-may - Xotira va Qadrlash kunida xuddi shunday voqelikning yaqqol ifodasini koʼrishimiz mumkin. Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashda mardlarcha halok boʼlganlar, bugungi kunda ulugʼ yoshga yetib, keksalik gashtini surayotgan sobiq jangchilar, mustaqillik yillarida oʼz xizmat burchini bajarish chogʼida halok boʼlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarga hurmat koʼrsatish talaba-yoshlar oʼrtasida mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bagʼrikenglik va xayr-saxovat muhitini yaratishda, Vatanga muhabbat tuygʼusini yana ham mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
Darsda “Tillar” kafedrasi mudiri, dotsent G.N.Tavaldieva Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyati haqida gapirdi. U 1999-yildan beri 9-may yurtimizda Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinayotganligi, mamlakatimizda mustaqillik yillarida faxriylarga koʼrsatilayotgan izzat-eʼtibor haqida gapirib, “Nima uchun Xotira mukaddas?” degan savol bilan talabalarni bahsga chorladi.

Katta oʼqituvchi Sh.А.Komilova takdimot orqali 9-may - Xotira va Qadrlash kuni haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Xotira va Qadrlash - xalqimizning asriy qadriyatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar xamisha xalkimiz ardogʼida. Аna shunday mardlik va jasorat namunasini koʼrsatganlar, jang maydonida jonini fido kilgan bobolar, sabr-bardosh bilan katta kiyinchiliklarni yengib utgan nuroniy momolarni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga gʼamxurlik va eʼtibor koʼrsatish xalqimizga xos fazilatdir.
“Xotira”, “qadr” degan tushunchalar azal-azaldan el-yurtimizning tafakkuri, maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismi boʼlib kelgan. Oʼzini, oʼz el-yurtining oʼtmishini, tarixini eslamaydigan, bilmaydigan, xotirlamaydigan insonni tasavvur kilib boʼlmaydi. Xotira deganda, barchamiz qon-qonimizga singib ketgan muqaddas tuygʼuni tushunamiz. Tarixiy xotira - bu hayot mazmunini, avlodlar oʼrtasidagi vorislik tuygʼusini anglash demakdir. Uzoq-yaqin oʼtmishda sodir boʼlgan voqea-hodisalardan bugungi va ertangi kun uchun zarur saboq va xulosa chiqarib yashash demakdir. Oʼz bolalari va avlodlariga, ularning ongu shuuriga, ajdodlar ruhiga xurmat va ehtirom tuygʼusi bilan yashashni singdirish demakdir.

Ikkinchi jaxon urushi, uning jarohatlari el-yurtimiz xotirasida umrbod saqlanadi. Koʼpni kurgan, jafokash xalqimiz bu urushda ne-ne asl farzandlaridan, oilaning tayanchi va suyanchi boʼlmish qancha-qancha navqiron oʼgʼlonlaridan judo boʼlgan.

Dotsent G.S.Keldiyorova bizning mard va jasur yurtdoshlarimiz qandaydir nomaʼlum tepalikni egallash uchun emas, avvalo fashizm balosini yurtimiz ostonasiga yoʼlatmaslik, ota-onasi, suyukli yori, aziz farzandlari, yoru dustlarini, el-yurtini himoyalash, asrash uchun jangga kirgan, jon fido qilganligi haqida gapirdi.

Buyuk ajdodlarimiz qatorida Vatan fidoyilari xotirasini yod etish barchamizning burchimizdir. Yurtimiz ozodligi, mustakilligi uchun jon fido qilgan qahramonlar - Toʼmaris va Shirok, Jaloliddin Manguberdi, millat fidoyilari Аbdulla Qodiriy, Choʼlpon, Fitrat, Usmon Nosirning xalqimiz oldidagi xizmatlari buyuk va abadiydir.
Mustaqillikni qoʼlga kiritganimizdan keyin tinchlik va osoyishtaligimizni asrash maqsadida kurashib, halok boʼlgan yurtdoshlarimizning ham xotirasi abadiydir. Mardlik va jasorat namunasini koʼrsatib, bugungi kunda hayot bulganlar esa doimo qadr va eʼzozda.
Noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi fakulьtetida katta oʼqituvchi M.А.Imomalievaning “Bobolarimiz jasorati – chin vatanparvar ishi” mavzuida olib borgan davra suhbati qiziq faktlarga boy boʼldi. Talabalar urushda qatnashgan oʼz bobolari, yaqin qarindoshlari toʼgʼrisida bilganlarini, oʼqigan kitoblaridagi hujjatli materiallar haqida gapirib berdilar.

Oʼtkazilgan Xotira darslarining taʼlimiy maqsadi - talabalarga 9-may - Xotira va Qadrlash kuni haqida maʼlumot berish, 1941–1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi va unda qatnashgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʼida halok boʼlgan yurtdoshlarimizning matonati, mardlik va jasorati haqida maʼlumot berishdan iborat boʼldi.
Darslardan koʼzlangan tarbiyaviy maqsad - talabalarda Vatanga muhabbat, uni asrab-avaylash, qadriyatlarni ulugʼlash, vatanparvarlik tuygʼusini kuchaytirish, talaba-yoshlar oʼrtasida insoniylik, bagʼrikenglik muhitini mustahkamlash ruhida tarbiyalash;
 Darslar “Аjdodlarni xotirlash — mukaddas qadriyat”shiori ostida noanʼanaviy tarzda guruhlarda ishlash, suhbat, bahs-munozara shaklida oʼtkazildi. 
 Darsda talabalarga quyidagi faollashtiruvchi savollar berildi:
1. “Xotira” va “qadrlash” deganda nimani tushunasiz?
2. Nima sababdan yurtimizda 9-may sanasi “Xotira va Qadrlash kuni” sifatida nishonlanadi?
3. Vatandoshlarimizning Ikkinchi jahon urushida gʼalabaga qoʼshgan hissasi haqida nimalarni bilasiz?
4. Mustaqillik yillarida tinchligimiz va xavfsizligimizga boʼlgan tahdidlar haqida qanday maʼlumotga egasiz?

Xotira darslari mazmunli va qiziqarli, faktik maʼlumotlarga boy materiallarni namoyish qilish bilan oʼtdi. Darslar talabalarda katta taassurot qoldirdi.