TOSHKENT KIMYO-TEXNOLOGIYA INSTITUTIDA ZAMONAVIY ENERGETIKA VA UNING MUAMMOLARIGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO ONLAYN KONFERENSIYA O‘TKAZILDI

27.05.2020

O‘zbekiston Respublikasida neft-gaz sanoatining rivojlanishi respublikaning yoqilg‘i-energetika kompleksining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha oldinga qo‘yilgan vazifalarning hal etilishi bilan uzviy bog‘liqdir.

Shu munosabat bilan joriy yilning 26 may kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida institutimizda "Neft-gaz sanoatida innovatsiyalar, zamonaviy energetika va uning muammolari" mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

2020 yil 26 may kuni Zoom platformasi orqali tashkil etilgan xalqaro konferensiyani institut rektori Botir Usmonov ochib berdi.

Konferensiyada hamkor tashkilotlar rahbarlaridan, Buxoro muhandislik texnologiyalari instituti rektori Barakaev Nusratilla Rajabovich, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shaxrisabz filiali direktori Mutalov Shuhrat Ahmadjonovich konferensiya haqida o‘zlarining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Shundan so‘ng, plenarium majlisi ishtirokchilari o‘zlarining tayyorlagan taqdimotlari va nutqlari bilan chiqishdi. Taqdimotlar konferensiya dasturida belgilangan ketma-ketlikda olib borildi. Taqdimotlarni Ruminiya davlati Iqtisodiyot, energetika va tadbirkorlik vazirligi davlat kotibi Niculae Havrilet o‘zining “Investing in research and innovation means investing in our future” mavzusidagi ma’ruzasi bilan boshlab berdi. Taqdimot yuzasidan ishtirokchilar o‘zaro savol-javobni Zoom platformasida chat orqali olib borishdi.

Plenar majlis davomida, Ispaniyaning Kantabriya universiteti ilmiy tadqiqotchisi Víctor Manuel Maestre Muñoz o‘zining “Renewable energy – hydrogen coupled system for public social housing power supply” mavzusidagi taqdimotini ishtirokchilarga taqdim etdi. Navbatdagi ishtirokchi Xitoyning Beijing shahrida joylashgan Xitoy neft universiteti doktoratura tadqiqotchisi Adefarati Oloruntoba “Biobutanol via abe process: an alternative drop-in fuel” mavzusidagi tadqimotini namoyish etdi.

So‘ngra, soha bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan universitetlardan hisoblangan I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti dotsenti Dengaev Aleksey Viktorovich “Osobennosti modelirovaniya vodoneftyanыx emulsiy” mavzusidagi taqdimotini namoyish etdi.

Taqdimotlar ketma-ketligini, mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan loyihalashtirish institutlaridan bo‘lmish Enter Engineering MChJ vakili, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi kafedrasi dotsenti Qurbonov Abdujamil Abdullaevich o‘zining “Perspektivnыe texnologii glubokoy pererabotki prirodnogo gaza i razvitie gazoximii v Respublike Uzbekistan” mavzusida taqdimot qildi.

Qo‘shni Tojikiston davlatidan Fanlar Akademiyasi yetakchi ilmiy xodimi Abdullaev Toxir Xasanbaevich o‘zining “Solvatatsiya i energeticheskoe razlichie diastereomerov 3-metil-aminopentina-1 po dannыm kvantovoximicheskix raschetov” mavzusidagi taqdimotini yig‘ilganlarga namoyish qildi. Undan so‘ng esa Polsha davlati AGH Fan va texnologiya universitetidan A.J.Zwierzynski o‘zining “Drill head prototypes for deep coring operations in planetary environment” mavzusidagi ma’ruza qildi.

Plenar majlis taqdimotlaridan so‘ng Toshkent kimyo-texnologiya institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Po‘latov Xayrulla Lutfullaevich ishtirokchilarga va taqdimotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi hamda konferensiyaning plenar majlisi shu yerda o‘z nihoyasiga yetganini, soat 14:00 dan boshlab esa ishtirokchilar sho‘balar bo‘ylab o‘z taqdimotlari himoyasini davom ettirishlari mumkinligini ma’lum qildi.

Konferensiyada kelib tushgan tezislar mualliflari tomonidan bildirilgan qiziqish va takliflarni inobatga olgan holda konferensiya sho‘balari 3 ta guruhga bo‘lindi. Ushbu guruhlar bo‘ylab sho‘ba majlislari o‘z faoliyatini olib bordi. Bunda jami bo‘lib 50 ga yaqin mualliflar taqdimotlari bilan qatnashdilar va ularning ma’ruzalari tinglandi.