TOSHKENT KIMYO-TEXNOLOGIYA INSTITUTI VA TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI OʻRTASIDA MEMORANDUM IMZOLANDI

07.11.2020

Joriy yilning 6-noyabr sanasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Shukurillayevich Usmonov va institut xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Zebo Boboxonovalar rektor Kongratboy Sharipov Avezimbetovich boshchiligidagi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar hamkorlik yuzasidan fikr mulohazalar almashdilar.

 

“Hamkorligimiz har ikkala tomon uchun ham, albatta, foydali boʻladi, ammo, eng muhimi bu hamkorlikdan jamiyat foyda koʻrishi kerak. Biz tayyorlayotgan kadrlar jahon talabiga javob berishi uchun ham har ikkala oliy taʼlim muassasasi beradigan bilimlar ushbu kadrlarda jam boʻlishini taʼminlashimiz kerak. Shundagina biz ham bugun mamlakatimizda boʻlayotgan katta islohotlarga munosib javob qaytargan boʻlamiz”, -  deb taʼkidlab oʻtdi Botir Shukurillayevich Usmonov.

 

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori tomonidan ilgari surilgan hamkorlik takliflari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasida qiziqish uygʻotdi. Rektor Kongratboy Sharipov Avezimbetovich bu takliflar haqida oʻz fikrini bildirib oʻtar ekan: — “Bu kabi tajribalar xalqaro miqyosda koʻp qoʻllaniladi va bizning hamkorligimiz ham oʻz natijasini beradi deb oʻylayman”, - deya oʻzining ijobiy munosabatini koʻrsatdi.

 

 

Uchrashuv soʻnggida har ikkala oliy taʼlim muassasasi rahbarlari hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti matbuot xizmati