OLIY TА'LIM VА ISHLАB CHIQАRISH OʼRTАSIDАGI INTEGRАTSIYANI YANGI BOSQICHGА KOʼTАRISH АSOSIY MАQSАDIMIZ

23.12.2020

Mamlakatimizda kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yoʼnalishlarda taʼlim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyot yili” davlat dasturining ustuvor vazifalari qatorida belgilangan.

Kimyo va biologiya fanlari boʼyicha taʼlim sifatini tubdan oshirish, umumtaʼlim maktablarida ushbu fanlarni oʼqitishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, taʼlim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa oʼquv jihozlari bilan taʼminlash, ushbu yoʼnalishlarga malakali oʼqituvchi-murabbiylarni jalb etish, kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanishda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari oʼrtasida oʼzaro yaqin muloqot va hamkorlikni yoʼlga qoʼyish maqsadida oʼzbekiston respublikasi prezidentining 2020 yil 12 avgustdagi «Kimyo va biologiya yoʼnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi PQ-4805-sonli qarori eʼlon qilindi. ushbu qaror bilan 2020-2025 yillarda kimyo va biologiya yoʼnalishida uzluksiz taʼlim sifatini hamda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiya ishlari natijadorligini oshirish boʼyicha maqsadli dastur tasdiqlandi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda xoʼjalik birlashmalari, ishlab chiqarish korxonalari va klasterlar – biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarida kimyo va biologiya yoʼnalishlarida samarali oʼquv jarayonini taʼminlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga erishish, soha yetuk mutaxassislari rahbarligida diplomoldi amaliyotlarni oʼtash, talaba va professor-oʼqituvchilarni laboratoriyalardan foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish uchun sharoit yaratish, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishda amaliy rahbarlikni amalga oshirish, ilmiy ish natijalarini amaliyotga tatbiq etishga koʼmaklashish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish borasida hamkorligi yoʼlga qoʼyilishi belgilab qoʼyildi.

Taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash maqsadida kimyo va biologiya yoʼnalishlarida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim doirasida tayanch doktorant va doktorantlarga tegishli oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi hamda ishlab chiqarish korxonalari oʼrtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq ikkitalik ilmiy rahbarlikni joriy etishni yoʼlga qoʼyish Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4805-sonli qarorida belgilab berildi. Bunda, birinchi ilmiy rahbar oliy taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi tomonidan, ikkinchi rahbar esa ishlab chiqarish korxonasi tomonidan tayinlanadi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Shoʼrtangaz kimyo majmuasi tashabbusi bilan mazkur qaror ijrosini taʼminlash, jumladan oliy taʼlim muassasasi va ishlab chiqarish korxonasi oʼrtasidagi integratsiyani yangi bosqichga koʼtarish maqsadida joriy yilning 21 dekabr kuni oʼzaro anglashuv Memorandumi imzolandi. Shoʼrtangan kimyo-majmuasining taklifiga binoan institut prorektori Xayrulla Pulatov va 9 nafar professor-oʼqituvchilari korxonaga tashrif buyurishdi. Korxona rahbariyati tomonidan professor-oʼqituvchilarni iliq kutib olinib, institut va korxona oʼrtasida oʼzaro anglashuv Memorandumini imzolash marosimi boʼlib oʼtdi. Ushbu tadbirda Shoʼrtangaz kimyo-majmuasi bosh direktori Shuxrat Аslanov, korxona maʼmuriyati, 50 dan ortiq korxona mutahassislari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor Xayrulla Pulatov va 9 nafar professor-oʼqituvchilar ishtirok etishdi.

 

Bugungi kunda institut va korxona oʼrtasida bakalavr, magistrantlar tayyorlash, professor-oʼqituvchilarning korxona stajirovkasini tashkil etish, hamkorlikda seminarlar tashkil etish va korxonaning ilmiy-texnik muammolari boʼyicha xoʼjalik shartnomalari tuzish boʼyicha bir qator ishlar olib borilmoqda. Tadbirda soʼzga chiqqan korxona bosh direktori Shuxrat Аslanov, institut prorektori Xayrulla Pulatov, institut professori Аbduhamid Maxsumov Ushbu uchrashuv doirasida imzolanadigan Memorandum endilikda institut bilan yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga poydevor boʼlayotganligi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 2020 yil 3 dekabr kuni ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar boʼyicha oʼtkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar, 2020 yil 12 avgustdagi PQ-4805-sonli Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirishni yanada takomillashtirish, jadallashtirish bugungi kunda oldimizda turgan asosiy maqsad ekanligini taʼkidlab oʼtishdi.

 

Bugungi kunda institutda ishlab chiqarishga tayyor boʼlgan 20 dan ortiq ishlanmalar mavjud, bu borada sanoat korxonalari bilan hamkorlik ushbu ishlanmalarni moliyalashtirish zarurligi, institut ilmiy salohiyatining yuqoriligini inobatga olib korxonada faoliyat yuritayotgan mutahassislarga tadqiqotchilik boʼyicha ilmiy rahbarlik qilishlari, shu jumladan, tadqiqotchilarga ikkitalik ilmiy rahbarlikni yoʼlga qoʼyish sohani yanada rivojlantirishga olib keladi.

Bugungi kunda Shoʼrtangaz kimyo-majmuasida faoliyat yuritayotgan yetakchi mutahassislarning deyarli yarimi Toshkent kimyo-texnologiya institining sobiq bitiruvchilari hisoblanadi. Tadbir davomida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼygan korxonaning

15 nafar mutahassisi va institut professor-oʼqituvchilari oʼrtasida uchrashuv tashkil qilinib, uchrashuvda mutahassisning dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbarini tayinlash masalasi muhokama qilindi.

Mutahassislarining dissertatsiya mavzulari, korxonadagi mavjud texnologik muammolar doirasi, jumladan, bosim ostida quyish bilan qayta ishlanadigan polietilen markalarning texnologik xossalarini rostlash, polietilen markalari yordamida kompozitsion qoplamali materiallar olish texnologiyasini yaratish va antipirenlar ishlab chiqarish, ikkilamchi polietilenftolat asosida ishlab chiqariladigan plenka olishga moʼljallangan polietiilenlarni modifikatsiyalash, polietilen ishlab chiqarish uchun suv tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish, ishlab chiqarish jarayonida ishlatilgan seolitlarni qayta ishlab boshqa turdagi mahsulotlar olish, piragaz tarkibidagi nordon gazlarni tozalashda hosil boʼladigan sariq moydan samarali foydalanish, turli qoʼshimchalar yordamida termoplast polimer materiallardan quvur yaratish, urli qoʼshimchalar yordamida termoplast polimer materiallardan quvur yaratish, dietanolamin asosida kamyob toʼyinmagan amido xosilalari sintezi va qoʼllanilishi, Tabiiy gazni nordon gazlardan tozalash texnologiyasini takomillashtirish, naftani parchalanishidan hosil boʼlgan parchalangan yoqilgʼi moyini neft-gaz va kimyo sanoatida foydalanish, piragazni nordon gazlardan tozalash texnologiyasini takomillashtirish, etilen ishlab chiqarish jarayonida hosil boʼlgan oqova suvlarni organik moddalardan tozalash texnologiyasini ishlab chiqishga bagʼishlangan boʼlib, ushbu mutahassislarni institutga izlanuvchi sifatida qabul qilish va ularga “Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi”, “Organik kimyo va asosiy organik sintez texnologiyasi”, “Yuqori molekulali birikmalar va plastmassalarni qayta ishlash texnologiyasi”, “Sanoat ekologiyasi”, “Noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi” kafedralaridan ilmiy rahbarlar tayinlashga kelishib olindi.

Uchrashuv davomida Toshkent kimyo-texnologiya instituti jamoasi Shoʼrtangaz kimyo majmuasi etilen va polietilen ishlab chiqarish jarayonlari, korxonaning avtomatik boshqaruv tizimi bilan tanishishdi. Shundan soʼng, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni rejalashtirgan institut professor-oʼqituvchilari tomonidan ilmiy maqola, dissertatsiya, avtoreferat yozish tartibi, ilmiy-tadqiqot ishini olib borish boʼyicha kalendar reja tuzish boʼyicha master-klasslar oʼtkazildi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Shoʼrtangaz kimyo majmuasi oʼrtasida tuzilgan Memorandum doirasida korxona bilan qoʼshma ilmiy-tadqiqot loyihalar, qoʼshma ilmiy ishlanmalar, korxonaning ishlab chiqarish muammolari boʼyicha xoʼjalik shartnomalarni amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy seminarlar, ilmiy-texnikaviy konferentsiyalar tashkil etish, ilmiy-pedagog kadrlar, xodimlar yoki mutaxassislarning malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorlashni tashkil etish, talabalar va professor-oʼqituvchi kadrlarni ijtimoiy va moddiy qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishda hamkorlikni mustahkamlash ishlari rejalashtirildi.

 

Pulatov X.L. – Toshkent kimyo-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektor