Toshkent kimyo-texnologiya instituti «Enologiya va umumiy ovqatlanishni tashkil etish» kafedrasi mudiri Boboyev Аkmaljon Xatamovich “Yangi O‘zbekistonning isteʼdodli yoshlari” Respublika tanlovi g‘olibi

22.02.2021

Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi isteʼdodli yoshlarni qoʼllab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamgʼarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida ikki yildan buyon talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning isteʼdodli yoshlari” nomli yilning eng yaxshi maqolasi tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilgi tanlovda «Enologiya va umumiy ovqatlanishni tashkil etish» kafedrasi mudiri Boboyev Аkmaljon Xatamovich ham ishtirok etib, tanlov g‘olibi bo‘ldi. Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilgi tanlovga talabalar va yosh tadqiqotchilardan 500 dan ortiq ilmiy maqola kelib tushgan. Ekspertlar xulosasi asosida shulardan 44 ta eng yaxshi maqola tanlandi va bular asosida “Yangi O‘zbekistonning isteʼdodli yoshlari” nomli ikkinchi kitob chop etildi.

 

Institutimizda bugungi kunda yosh avlodga o‘rnak boʼladigan yoshlarimiz juda ko‘p. Biz ular bilan faxrlanamiz. Shu oʼrinda Boboyev Аkmaljon Xatamovichning erishgan yutuqlari haqida aytib o‘tishni zarur deb bildim.

Boboyev Аkmaljon Xatamovich Toshkent kimyo-texnologiya instituti institutining “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriaturani va spirt texnologiyasi mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Mehnat faoliyatini “Qand va bijg‘ish maxsulotlari texnologiyasi” kafedrasida assistent lavozimida boshlab, kafedra katta o‘qituvchisi, “Oziq-ovqat maxsulotlari texnologiyasi” fakultetining o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2010-2011 yillarda Erasmus Mundus dasturi boʼyicha Bolgariyaning Sofiya Kimyo-texnologiya va metallurgiya universiteti Biotexnologiya kafedrasi mudiri, professor L.Yotova rahbarligida ilmiy stajirovka oʼtagan.

2019 yilda Energetika, resurslar, sanoat yoʼnalishi boʼyicha tayanch doktorantlar o‘rtasida o‘tkazilgan Prezident stipendiyasi tanlovi g‘olibi xisoblanadi. U “Kraxmal inulin saqlovchi xom-ashyolarni kompleks qayta ishlab etanol biosintezini takomillashtirish” mavzusida ilmiy ish ustida izlanishlar olib borib texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. 2016-2017 yillarda taʼlim sifatini taʼminlash boʼyicha Erasmus+ dasturining IQAT va UzDOC2 loyihalarida ishtirok etib taʼlim sifatini oshirishda Yevropa standartlarini qo‘llash boʼyicha xamkorlik olib borgan. Ko‘p yillardan boʼyon Аlkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish Аgentligining Ilmiy-texnik kengashi va markaziy degustatsiya komissiyasi a‘zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

2020 yilda “El-yurt umidi” jamgʼarmasining tanlovida qatnashib, grant sohibi bo‘lgan va jahon reytingida 71 o‘rinda boʼlgan Daniyaning nufuzli Kopengagen universitetida 3 oylik stajirovka oʼtab keldi. U stajirovka o‘tash bilan bilan birgalikda Kopengagen universiteti professorlari bilan Erasmus+ dasturining CBHE yo‘nalishi bo‘yicha loyiha yozishda ishtirok etgan.

 

Uning hammuallifligida 1 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta darslik muallifi, 40 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xorijning yetakchi ilmiy jurnallarida va konferentsiya to‘plamlarida chop etilgan.

Bo‘lajak mutahassislarga bilim berish, o‘z sohasi bo’yicha “ustoz-shogird” an’analarini davom etttirib, ko‘plab shogirdlar tayyorlashda Boboyev Аkmaljon Xatamovichga kuch-quvvat va zafarlar tilaymiz.

 

Ilmiy  ishlar va innovatsiyalar
bo’yicha prorektor

Xayrulla Pulatov