BESHEFAR BIZNES” MCHJ KORXONASIGA TASHRIF

30.03.2021

Bugun Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori B.Sh. Usmonov boshchiligida “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi” fakulteti dekani B.B. Babatullayev, “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi” kafedrasi mudiri A.T. Roʻziboyev, kafedra dotsentlari N.K. Ayxodjayeva, G.Z. Djaxangirovalar “Moʻtabar ona” brendi ostida un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Beshefar Biznes” MCHJ korxonasiga tashrif buyurdilar. Mazkur korxona Respublikamizdagi un ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri boʻlib, taʼsischisi B.A. Maxamadaminov hisoblanadi.

2018-yil 10-may kuni Sergeli sanoat zonasida Beshefar kompaniyasi Markaziy Osiyodagi eng katta tegirmon hisoblangan ishlab chiqarish qiymati 650 tonnani tashkil qiluvchi tegirmon ishga tushirilgan. Taʼkidlash joizki, bu Beshefar kompaniyasining Oʻzbekistondagi ikkinchi loyihasi hisoblanadi. Birinchi loyiha 2013-yilda tuzilgan boʻlib, unga koʻra Yashnobod tumanida 300 tonnalik un ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod barpo etilgan. Isteʼmolchilar talabi oshgan sari yangi zavod qurilishiga ehtiyoj sezilgan va ishlab chiqarish quvvatini kengaytirishga qaror qilingan. Yangi zavodning quvvati juda katta, yaʼni ushbu tegirmon 650 tonna un ishlab chiqarishga moʻljallangan. Tegirmon eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Tegirmonni ishga tushirishda uning energiya tejamkorligi ham inobatga olingan. Ushbu texnologiyalar Turkiyadan keltirilgan boʻlib, ular un ishlab chiqarishdagi eng ilgʻor texnologiyalar hisoblanadi. 2020-yilda korxonada yana bir liniya ishga tushirilib, uning ishlab chiqarish quvvati 2000 tonnagacha yetkazilgan.

Uchrashuvda oliy taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini amalda joriy etish masalalari muhokama qilindi. Professor-oʻqituvchilarning malaka oshirishlari, magistratura talabalarining stajirovkasi, talabalarning amaliyotlarini mazkur korxonada tashkil etish, korxonadagi mavjud uskuna va texnologiyalarning meʼriy xujjatlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish va oʻquv jarayoniga joriy etish, hamkorlikda oʻquv-trening markazi tashkil etish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.

Institut jamoasi korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishtirildi. Korxona rahbari B.A. Maxamadaminov bir necha qavatdan iborat ishlab chiqarish kompleksidagi xar bir jarayon haqida maʼlumot berdi.

 

Korxona raxbari institutda talabalar taʼlim olishlari uchun qulay shart sharoit yaratishga doimo tayyorligini aytib, talabalarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirishda zarur boʻladigan bir nechta uskuna va jihozlarning kichik oʻlchamli modellarini sovgʻa qilishini bildirdi. Mazkur taklif institut rektori B.Sh. Usmonov tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

 

TKTI Matbuot Xizmati