Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom «Ta’lim to‘g‘risida», «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomning amal qilishi harbiy oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, odatda, yozgi ta’til davrida, tegishli kurs (semestr)da o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi.

4. Talabalar safidan chetlashtirish mazkur Nizomda belgilangan hollarda oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

5. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash quyidagilarning:

  • oliy ta’lim muassasalari;
  • tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;
  • O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi (keyingi o‘rinlarda - Idoralararo komissiya deb yuritiladi) qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Idoralararo komissiya O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tashkil etiladi. Uning tarkibiga tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar vakillari kiritiladi.

Idoralararo komissiyaning raisi va mas’ul kotibi Davlat komissiyasi qarori bilan tayinlanadi.

6. Oliy ta’lim muassasasi rektorining qarori asosida talabalar o‘qishini shu oliy ta’lim muassasasi doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha ko‘chirish va tiklash amalga oshiriladi.

7. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:

  • oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
  • oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirish va qayta tiklash.

8. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:

  • xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga;
  • bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlari (mutaxassisliklari)ga.

9. Oliy ta’limning turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o‘rinlarda - Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi deb yuritiladi) tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

10. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizalari mos ravishda:

  • ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan — oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga;
  • ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan hududiy ishchi guruhlarga topshiriladi.

Hududiy ishchi guruhlar qabul qilingan hujjatlarni umumlashtirib:

  • ushbu Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tasarrufida oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirliklar va idoralarga;
  • ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.

Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari hamda hududiy ishchi guruhlar talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash haqida kelib tushgan arizalar to‘g‘risida belgilangan shaklda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga umumlashtirilgan ma’lumot topshiradilar.

11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki tiklash haqidagi arizalarni mazkur Nizomda belgilangan vakolatlar doirasida shakllantirib Idoralararo komissiyaga qaror qabul qilish uchun yo‘llaydi.

12. O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’lim faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari (markazlar, bo‘limlar, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalar)dan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash taqiqlanadi.

13. Birinchi kursga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash man etiladi (istisno tariqasida, talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilishi mumkin).

14. O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisligi) bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olayotgan talabalar arizasiga ko‘ra muayyan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik)da oliy ta’lim muassasalariga tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

15. Boshqa hollarda o‘qishni ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

16. O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash haqidagi arizaga talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari ilova etiladi.

17. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy ta’lim muassasasi rektori belgilangan tartibda o‘quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (umumkasbiy va ixtisoslik fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish tartibi va muddatlarini (ikki oydan ortiq bo‘lmagan), o‘qitish kursi hamda o‘qishga qabul qilishning boshqa shartlarini belgilaydi.

18. Talabalarning o‘qishini shartli ravishda ko‘chirish yoki qayta tiklash taqiqlanadi.

19. Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.

20. To‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashda to‘lov-kontraktni tuzish tartibi va shartlari, jumladan, to‘lov mablag‘lari va muddatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

II. Talabalar o‘qishini ko‘chirish

21. Davlat grantlari asosida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini o‘z ta’lim yo‘nalishidan boshqa turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

22. O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash haqidagi ariza bir oy muddat ichida ko‘rib chiqilishi lozim.

Ariza ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilgan taqdirda ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi rektori tegishli qaror qabul qiladi;

ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) yoki Idoralararo komissiya oliy ta’lim muassasasiga belgilangan shaklda xat yo‘llaydi.

Tegishli vazirlik (idora) yoki Idoralararo komissiyaning xati asosida oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishi ko‘chirilayotgan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasiga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

So‘rovnoma olingandan so‘ng, talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqida buyrug‘i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (ro‘yxati bilan) uni o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi.

Oliy ta’lim muassasasida talabaning akademik ma’lumotnomasi, reyting daftarchasi, o‘quv kartochkasi, shuningdek jo‘natilayotgan hujjatlar ro‘yxatining nusxasi qoldiriladi.

Oliy ta’lim muassasasi rektorining talabani talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasidan uning shaxsiy yig‘ma jildi olinib, akademik farqlar bartaraf etilgandan so‘ng 10 kun muddatda chiqariladi.

Shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda (yopiq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash), talabani o‘qishga qabul qilish, oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik ma’lumotnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi.

23. Oliy ta’lim muassasasida yuridik shaxs bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirish ushbu yuridik shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi.

III. O‘qishni qayta tiklash

24. O‘qishga qayta tiklash haqidagi ariza bir oy muddatda ko‘rib chiqiladi.

25. Quyidagi hollarda talabalikka qayta tiklashni so‘rab murojaat qilgan shaxsga rad javobi berilishi mumkin:

  • oliy ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilar soni doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmaganligi;
  • shaxsning akademik qarzdorligi hamda tegishli mutaxassislik bo‘yicha zarur bilimlarni o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qilish darajasidagi o‘quv rejalari va dasturlarida farq mavjud bo‘lganligi (mazkur Nizomning 17-bandi).

26. Barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida mazkur Nizom talablariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.

Davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan yetimlar, I va II guruh nogironlar, shuningdek muddatli harbiy xizmatni o‘tagan (zaxiraga bo‘shagan kunlaridan boshlab uch yil mobaynida), akademik ta’tildan qaytgan shaxslar istisno tariqasida, o‘qishga davlat grantlari o‘rinlariga qayta tiklanishi mumkin.

27. O‘qishdan chetlashtirilgan o‘quv yilida talabani o‘qishga qayta tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

28. Talabani boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qayta tiklashda uning ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi roziligi talab etilmaydi.

29. O‘qishdan chetlatilgandan keyin 5 yildan ortiq muddat (harbiy xizmatda bo‘lganlik, uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarish qilish bilan bog‘liq mehnat ta’tili hamda sog‘liqni qayta tiklash vaqtlari ushbu muddatga kirmaydi) o‘tgan hollarda talabalar o‘qishini qayta tiklash Idoralararo komissiyaning ruxsati bilan amalga oshiriladi.

IV. Talabalar safidan chetlashtirish

30. Talaba oliy ta’lim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:

  • o‘z xohishiga binoan;
  • o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
  • salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
  • akademik o‘zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun;
  • o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
  • bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
  • o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
  • talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
  • vafot etganligi sababli.

Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.

31. Oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati tashabbusi bilan talabalarni o‘qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Nizomning 30-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra chetlashtirilayotgan holda, ta’lim muassasasining «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.

32. Talaba oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirilganda, unga shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig‘ma jildga tikib qo‘yiladi.

V. Yakunlovchi qoidalar

33. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash jarayonida hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan yoki belgilangan talablarga javob bermaydigan hujjatlar aniqlangan hollarda oliy ta’lim muassasasi rektori mazkur hujjatlarni tekshirish va buyruq chiqarmaslik huquqiga ega.

34. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirgan yoki qayta tiklagan talabalarning shaxsiy yig‘ma jildiga tegishli buyruqdan ko‘chirma, ariza va akademik ma’lumotnoma tikib qo‘yiladi.

35. Oliy ta’lim muassasalari har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga zarur miqdordagi akademik ma’lumotnoma blankalariga buyurtmalar beradilar.

Akademik ma’lumotnoma blanklarining qat’iy hisobi yuritiladi.

Akademik ma’lumotnoma blankalarining oliy ta’lim muassasalarida saqlanishi, ro‘yxatga olinishi va berilishi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

36. Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi taqdim etilgan hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishi va ularning qonuniyligi uchun javobgarlik oliy ta’lim muassasalariga yuklanadi.

Zarurat bo‘lganda rektor hujjatlarni yuborgan oliy ta’lim muassasalaridan rasmiy xat bilan ma’lumotlar to‘g‘riligini tasdiqlashni so‘rashi mumkin.

37. Oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish va tiklashiga asos bo‘lgan barcha hujjatlar vakolat doirasi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida 3 yil davomida saqlanishi lozim.

38. Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi qarorlardan norozi bo‘lganlar belgilangan tartibda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

39. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.