Bitiruvchilar

Hurmatli aziz bitiruvchilarimiz. Siz bugun mamlakatimizdagi texnika oliy o‘quv yurtlari orasidagi eng nufuzli oliy o'quv yurtlaridan biri bo'lmish Toshkent kimyo-texnologiya institutini muvaffaqiyatli tamomlab, katta hayot ostonasiga qadam qo'ymoqdasiz.

Ishonamanki, o'tgan o'qish yillari Siz aynan shu dargohni tanlab xato qilmaganingizni amalda isbotladi.

Zero, shu vaqt mobaynida institut jamoasi Sizni o'z kasbiga sadoqatli va halol mutaxassis sifatida tarbiyalashga, tanlagan yo'nalishingiz bo'yicha chuqur bilim, malaka va zarur ko'nikmalarni berishga, yuksak ma'naviy-axloqiy sifatlarni yosh qalbingizga singdirishga astoydil harakat qildi.

Hurmatli bakalavr va magistrlar!

Garchi o'qish davri imtihonlari ortda qolgan bo'lsa-da, endi Sizni ulardan o'n chandon jiddiyroq, murakkabroq hayot sinovlari kutmoqda.

Bu sinovlarda kimning aslida kimligi ma'lum bo'ladi, mutaxassisning odamiylik, shaxs sifatidagi salohiyati ham o'zini namoyon etadi.

Umid qilamanki, institutda o'zlashtirgan bilim va ko'nikmalaringiz, insoniy fazilatlaringiz, yoshlik azmu-shijoatingiz bu sinovlardan ham munosib o'tishingizda mustahkam tayanch bo'ladi.

Ortingizda qolgan ustozlaringiz va institutgiz esa Sizlarning har biringiz bilan haqli ravishda faxrlanajak! 

Aziz yoshlar, guvohi bo'lmoqdasizki, muhtaram Prezidentimiz boshchiligidagi Yangi O'zbekiston erkin va farovon hayot, zamonaviy taraqqiyot, xalqning intellektual yuksalishi sari bormoqda. Bu marralarga esa osonlik bilan erishib bo'lmaydi.

Bu yuksak ishonchga munosib bo'lish Sizdan nafaqat bilim va professional malakani, balki, vijdoniy poklikni, halollikni, insof va diyonatni, adolatli fikrlash hamda ishlashni talab qiladi.

Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimizning xalqni rozi qilish g'oyasi hayotiy dasturilamalingiz bo'lsin!

Bilim olishdan, izlanishdan va insoniy kamolotdan bir zum bo'lsin to'xtamang. O'z sohangizda yangilik va innovatsiyalar yaratishdan cho'chimang. Sizlarga ta'lim va tarbiya bergan ustozlaringizni, ularning saboqlarini, yoshlikning oltin davrini Siz bilan birga o'tkazgan kursdoshlaringizni doimo yodda saqlang, ular bilan muloqotni kanda qilmang.

Institutingiz bag'ri bundan keyin ham Siz uchun doimo ochiq bo'lishini unutmang.

Mustaqil, umid va buyuk maqsadlarga boy hayotingizda omadlar, mas'uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman!

 

Hurmat bilan,

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori,

Botir Shukurullayevich Usmonov

Qadrli bitiruvchi, institutda o‘quv jarayoni sifat samaradorligi, fanlardan baholash usullari, professor-o‘qituvchilarning salohiyati hamda manaviy-marifiy ishlarni takomillashtirish haqida  fikr muloxazalaringizni bildrishingizni so‘raymiz. Sizning bu boradagi fikrlaringiz biz uchun muximdir.

 

Fikr bildirish.