Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgust kungi PQ-4805-sonli Qarori bilan Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent Olmazor tumanidagi 28-sonli umumta’lim maktabi bilan hamkorlik aloqalari yo’lga qo’yilgan.
Ushbu qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joriy yilning 20-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti Kimyoviy injiniring fakulteti "Noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi" hamda "Kimyo" kafedralari professor-o’qituvchilarining Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 28-sonli umumta’lim maktabiga navbatdagi tashrifi bo’lib o’tdi.
Tadbirda Kimyoviy injiniring fakulteti dekan o‘rinbosari N. Zulyarova, "Noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi" kafedrasi dotsentlari M.Adilova, K.Arifdjanova va D.Tursunova, "Kimyo" kafedrasi o‘qituvchisi M.Bekmuratova, "Kimyo" to‘garagi rahbari Z.Eshbo‘riyeva, institutning faol talabalari, shuningdek, 28-maktabning o‘qituvchilari va tabiiy fanlarga qiziquvchi o‘quvchilar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbir maktab o‘quvchilarining kimyo va tabiiy fanlarga qiziqishini oshirish, ilm-fan sohasidagi imkoniyatlar bilan tanishtirish va yosh avlodni ilmiy faoliyatga jalb qilishga xizmat qildi.
Dastlab “Noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi” kafedrasi dotsenti M. Adilova institutning ilmiy va o‘quv faoliyati haqida ma’lumot berdi. U Toshkent kimyo-texnologiya institutining yutuqlari, ilmiy ishlanmalar va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazdi. Shundan so‘ng kafedra dotsenti K. Arifdjanova institutning tuzilmasi va o‘quv jarayoni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Kimyoviy injiniring fakultetida tashkil etilgan “Kimyo” to‘garagi rahbari Z. Eshbo‘riyeva tomonidan o‘quvchilar uchun “Qiziqarli laboratoriya” darslari o‘tkazildi. Ushbu darslarda turli kimyoviy tajribalar namoyish etilib, o‘quvchilar kimyo fanining qiziqarli va hayotiy jihatlariga oid ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, Toshkent kimyo-texnologiya instituti sport klubining shaxmat to‘garagi rahbari, xalqaro musobaqalar sovrindori Ruxshona Bashritdinova tomonidan shaxmatga qiziqqan o‘quvchilar uchun master-klass tashkil etildi. Faol ishtirok etgan o‘quvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur uchrashuv 28-maktab o‘quvchilarining kimyo, tabiiy fanlar va sport sohasiga qiziqishini oshirishga xizmat qildi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti va 28-maktab o‘rtasidagi hamkorlik yosh avlodni ilmiy va intellektual rivojlanish sari yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday tadbirlar kelgusida ham muntazam o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi samarali aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.