Neftni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi kafedrasi



     Mazkur kafedrani tashkil topishida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, kimyo fanlari doktori, professor Abdulla Sultonov (marhum) ning xizmatlari katta bo‘ldi. A.S.Sultonov kafedrani boshqargan birinchi mudirdir. U kishi kafedrani boshqarish bilan birga, 1964-1974 yillarda O‘rta Osiyo neftni qayta ishlash ilmiy tadqiqot instituti (hozirgi A.Sultonov nomidagi O‘zKFITI instituti)da direktor lavozimida ishladi. 1969-yilda, birinchi marta, 17 ta talaba “Asosiy organik va neft-kimyo sintezi texnologiyasi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha muhandis-texnolog darajasini oldi.

1971-yil aprel oyidan boshlab kafedraga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi, kimyo fanlari doktori, professor O.S.Safayev mudir etib tayinlandi. Kafedrada shu yildan e’tiboran dotsent A.Qodirov, dotsent X.K.Salimova, assistentlar J.Saydaliyev va O.G‘.Azimov o‘qituvchi lavozimida ish boshladilar. O‘zbekistonda neft va gazni qayta ishlash sanoati rivojlanib borishi bois 1985 yildan boshlab kafedrada “Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar ham tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. 1986-1996 yillarda kafedraga kimyo fanlari nomzodi, dotsent A.Q.Qodirov boshchilik qildi. 1996-yildan 1997-yilgacha kafedrada kimyo fanlari nomzodi, dotsent Sh.P.Nurullayev, 1997-yildan 2011-yilgacha kimyo fanlari nomzodi, dotsent D.N.Ismatov, 2011-yildan 2012-yilgacha kimyo fanlari nomzodi, dotsent E.U.Teshabayeva, 2012-yildan 2017-yil may oyigacha kimyo fanlari nomzodi, dotsent O.E.Ziyadullayev, 2017-yildan 2019-yilgacha texnika fanlari doktori, professor A.S.Ibadullayev, 2019-yildan 2023-yilga qadar kafedraga texnika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD), dotsent O.Y.Aripdjanov mudirlik qilib kelganlar. 2023 yil mart oyidan boshlab texnika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) Ismailov Boburbek Maxmudjanovich mudirlik qilib kelmoqda. Hozirgi kunda kafedra Respublikamizning kimyo, neft va gazni qayta ishlash sanoati korxonalariga hamda yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari uchun mutaxassislar tayyorlab kelmoqda.

Kafedraning asosiy maqsadi – o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish, o‘quv-uslubiy, ilmiy, ilmiy-uslubiy va tarbiyaviy ishlarni kelishilgan holda amalga oshirish, shuningdek, o‘quv jarayoni, loyihali va professional faoliyatni integratsiyalashuviga asoslangan eng samarali o‘quv texnologiyalarini ishlab chiqish va neft va gaz sohasidagi tashkilotlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga qodir bo‘lgan muhandis-texnologlarni tayyorlash va rivojlantirishdir

yuklanmoqda...

document