Ijtimoiy tarmoqlar

O’zbekiston Milliy matbuot markazida “Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2025/2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini tashkil etish hamda Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O’zbekiston Milliy matbuot markazida “Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2025/2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini tashkil etish hamda Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich boshchiligida, prorektorlar, mas’ul departament va bo‘lim boshliqlari ishtirok etib, Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2025/2026 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida oliy ta’limda boshlangan yangi islohotlar, qabul tartibidagi o‘zgarishlar, muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlashda xalqaro yondashuvlar, ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan amaliy ta’lim va talabalar hayotiga oid asosiy yangiliklar yoritildi. Ushbu matbuot anjumanida Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan jurnalistlar hamda blogerlar ham ishtirok etishdi. 

Ta’lim sifati va muhandislik sohasida ustuvorlik

Institutda 4 ta fakultet, 20 ta kafedra, 31 ta bakalavriat va 30 ta magistratura yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, 8 500 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. O‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga asoslangan. 346 nafar professor-o‘qituvchilarning 60 foizi ilmiy darajaga ega. Institut huzurida 2 ta ilmiy daraja beruvchi kengash mavjud bo‘lib, 2025-yilning o‘zida 50 ta dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Sifatli ta’lim uchun zamonaviy laboratoriyalar, axborot texnologiyalari infratuzilmasi va “Spin-off” loyihalar joriy etilgan. “Intellektual kimyo-texnologiya tizimlari” nomli muhandislik maktabi orqali ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi yo‘lga qo‘yilgan.

Qabul tizimidagi yangi tartib

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:

  • Davlat buyurtmasi institutlar kesimida emas, ta’lim yo‘nalishlari va reyting asosida ajratiladi;
  • Sirtdan o‘qish bekor qilinib, part-time, kechki va masofaviy ta’lim shakllari bosqichma-bosqich kengaytiriladi;
  • Abituriyentlar “avval test – so‘ng tanlov” tamoyili asosida ro‘yxatdan o‘tadi;
  • Chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlarga milliy yoki xalqaro sertifikat bilan kirish mumkin;
  • Ta’lim granti bir yilga ajratilib, keyinchalik reyting va faollik asosida taqsimlanadi.

TKTI bu yil 45 ta kunduzgi, 20 ta kechki, 5 ta masofaviy bakalavriat yo‘nalishlari va 29 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qabul e’lon qilgan. Har bir yo‘nalish uchun tegishli fan majmuasi belgilangan.

Raqamlashtirilgan boshqaruv va Registator ofisi

Institutda o‘quv jarayonlarini boshqarish, baholash, akademik ma’lumotlarni yuritish, dars jadvali, fan dasturlari, arizalar va murojaatlar bilan ishlash tizimlari to‘liq raqamlashtirilgan. 2022-yildan boshlab faoliyat yuritayotgan Registator ofisi talabalarga 100 dan ortiq xizmatni onlayn tarzda taqdim etadi. Bu byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sanoat bilan amaliy ta’lim integratsiyasi

Institut 100 dan ortiq yirik korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. “Uzbekistan GTL”, “O‘zkimyosanoat”, “ARTEL”, “Uzbekneftgaz”, “Toshkentvino”, “ASL OYNA” va boshqa sanoat yetakchilari bilan kafedra filiallari ochilgan.

12 ta sanoat korxonasida talabalar uchun amaliy ta’lim tashkil etilgan. Har yili “Karyera kunlari”da 100 dan ortiq ish beruvchi ishtirok etadi, 500 nafardan ortiq bitiruvchilarga ish taklif etiladi. Shuningdek, talabalar uchun uch mahal ovqat, yotoqxona va transport bilan ta’minlangan ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etilgan.

Xalqaro hamkorlik va akademik mobililik

TKTI 40 dan ortiq mamlakatdagi 100 dan ziyod OTM va ilmiy markazlar bilan hamkorlik qiladi. Yildiz (Turkiya), Obuda (Vengriya), Cantenbria (Ispaniya), Tomsk politexnika (Rossiya), Shandong fanlar akademiyasi (Xitoy) kabi nufuzli hamkorlar bilan qo‘shma dasturlar, stajirovkalar va ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

Erasmus+, GIZ, ECAMPUS, STEM Master kabi xalqaro grant dasturlari doirasida institutga 1 mln yevroga yaqin xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Hozirda 30 dan ortiq xorijiy professor institutda dars bermoqda, 140 dan ortiq xodim xorijiy stajirovkalarda qatnashmoqda.

Talabalar hayoti, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish

5 tashabbus asosida institutda 18 ta to‘garak faoliyat yuritmoqda. Musiqa, san’at, sport, IT, kibersport, kitobxonlik va xotin-qizlar uchun 300 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi. “Qvz”, “Yosh musiqachilar ansambli”, “Talabalar teatri” va boshqa tashabbuslar doirasida minglab yoshlar faoliyat yuritmoqda.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 2025-yilda 2,7 mlrd so‘m ajratildi. Bunda ijarada yashovchilar, imtiyozli toifadagi talabalar, tanlov va sport g‘oliblari, a’lochilar rag‘batlantirildi. “Qalqon” guruhi a’zolari, “Rector kubogi” g‘oliblari, “Yurtim qadriyatlari” va “Ma’rifat maydoni” kabi tanlovlarda faol talabalar moddiy mukofot oldi.

Aloqa va maslahat markazi

Qabul jarayonlari haqida ma’lumot olish, hujjat topshirish yoki savollar bo‘yicha murojaat qilish uchun quyidagi call-markazlar tashkil etilgan:

📞 (71) 244-79-34, (71) 244-77-83, (71) 244-39-71

🕘 Ish vaqti: har kuni 09:00 – 18:00

Batafsil ma’lumotlar TKTI rasmiy veb-saytida: 🌐 www.tkti.uz

Matbuot anjumani so'ngida Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizni har tomonlama yanada rivojlantirish, xususan Toshkent kimyo-texnologiya institutida olib borilayotgan islohotlarni xalqimizga sifatli va tezkor yetkazishda jonbozlik ko‘rsatgan jurnalist va blogerlarni 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg'alar bilan taqdirlandilar.