Ijtimoiy tarmoqlar

8-mart "Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevichning bayram tabrigi

Assalomu alaykum, Bugungi qutlug‘ ayyomda institut ayollar jamoasini, talaba-qizlarimizni, shuningdek, sizlarning timsolingizda yurtimizdagi barcha onalar, opa-singillarimizni mehr ramzi bo‘lgan 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan muborakbot etaman!

Ayol bor oila qut-barakali, fayzli va tarovatli bo‘ladi. Yurtimiz ham, jamiyatimiz ham ayol bilan go‘zaldir. Institutimizning ayollari ham bizning fayzimizdir. Ayol–ulug‘, ayol – mo‘tabar. Jamiyat va davlat hayotida ayollarimizning o‘rni beqiyos. Avvalo, ular kelajagimiz egalarining yaratuvchilaridir. Ularning bilim salohiyati, dunyoqarashi, milliy-mag‘naviy irodasi, jamiyatdagi faolligi va tashabbuskorligi, shu bilan bir qatorda, oilaning shakllanishi va farovonligini tag‘minlashdagi vazifasi juda muhim jihatlar hisoblanadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayollarimiz ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, san’at, sport va boshqa sohalarda yuksak marralarni zabt etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Muhtaram opa-singillar!

Bugungi kunda institutimizda faoliyat yuritayotgan ayol ustozlarimiz, olimalarimiz, talaba-qizlarimizning intilishi, bilimga chanqoqligi tahsinga loyiq. Sizlarning fidokorona mehnatingiz va sa’y-harakatlaringiz natijasida ta’lim va ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishib kelmoqdamiz.

Tabriklarimiz faqatgina bugungi bayram kuni bilan cheklanib qolmay, balki sizlarga bo‘lgan yuksak hurmatimiz har doim bardavom bo‘lishini istayman.

Yuzlaringizdan tabassum, ko‘ngillaringizdan quvonch, hayot yo‘llaringizdan esa baxt va saodat arimasin! Har bir kuningiz bahor kabi go‘zal, quyosh kabi nurli, hayot yo‘lingiz esa nurafshon bo‘lsin!

Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar!