Social networks

VENGRIYANING OBUDA UNIVERSITETI REKTORIGA TOSHKENT KIMYO-TEXNOLOGIYA INSTITUTI FAXRIY PROFESSORI UNVONI BERILDI

Bugun shuningdek vazir Ibrohim Abdurahmonov Vengriyaning Obuda universiteti rektori professor Levente Kovach boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.



Tomonlar taʼlim va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, ikki tomonlama manfaatli tadqiqotlar yoʻnalishlariga aniqlik kiritish, universitetlarning hamkorlikdagi startap dasturlarini qoʻllab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar.

Professor Levente Kovach Obuda universitetida hozirda oʻzbekistonlik talabalar tahsil olayotgani, yurtimiz talabalariga yana qoʻshimcha kvotalar ajratilishini aytdi. Rektor bakalavriat, magistratura va doktorantura yoʻnalishlarida talabalarni oʻqishga qabul qilishga tayyorligini, buning uchun esa, yoshlar koʻproq Stipendium Hungaricum dasturida ishtirok etishlari lozimligini maʼlum qildi. Shuningdek, ikki tomonlama diplom berish amaliyoti yaxshi natijalar berayotgani va bu tajribani ham kengaytirishga kelishildi.

Shuningdek tomonlar doktorlik dissertatsiyalariga hamrahbarlik qilish, onlayn-kurslar, onlayn-taʼlim va oʻqituvchilar almashinuvi dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, Vengriya tomoni Xalqaro maslahatlashuv kengashi tuzish taklifini berdi. Kengashda yuqorida koʻtarilgan masalalar ishchi tartibda muhokama qilish, hamkorlik doirasida ishlarni rejalashtirish va amalga oshirish nazarda tutiladi. Taklif ijobiy qabul qilinib, vazirlik Kengash aʼzoligiga nomzodlar berishiga kelishildi.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston tomoni Obuda universitetida Innovatsion menejment yoʻnalishi boʻyicha oʻzbekistonlik yoshlarni oʻqitish masalasini koʻtardi. Rektor bu yoʻnalish nafaqat Oʻzbekiston balki Yevropa uchun ham yangi ekanini qayd etib, u yoʻnalishda oʻqigan bitiruvchilar noyob kadr boʻlishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida Levente Kovachning Oʻzbekiston bilan ilmiy va oliy taʼlim sohasidagi yuqori darajadagi hamkorlik aloqalari uchun unga Toshkent kimyo-texnologiya instituti faxriy professori unvoni berildi. Diplomni institut rektori Botir Usmonov tantanali ravishda topshirdi.