Ijtimoiy tarmoqlar

Bugundan poytaxtimizda AQSh universitetlari hamda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlaridagi “Education USA” dasturining mintaqaviy forumi o‘z ishini boshladi. Unda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich o'z ma'ruzasi bilan ishtirok etdi.

“Education USA” AQSh Davlat departamentining taʼlim dasturi hisoblanib, uning forumlari har yili turli davlatlarda tashkil etiladi. Joriy yilgi mazkur forumni o‘tkazish uchun Toshkent shahri tanlab olindi. 

Ushbu dasturning asosiy maqsadi AQSh universitetlarida tahsil olish uchun xorijiy davlat fuqarolarini jalb qilishga qaratilgan. Chet ellarda mazkur dasturning koordinatori AQSh elchixonasi hisoblanadi. 

Forumda AQSh Davlat departamenti va 50 dan ortiq Amerika universitetlari vakillari, xususan, xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbarlari va xodimlari, marketing va chet el fuqarolarini AQSh universitetlarida o‘qishga jalb qilish bo‘yicha masʼullar hamda AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi mutasaddilari ishtirok etmoqda. 

Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston, Afg‘oniston, Bangladesh, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Nepal, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi jami 10 ta Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridan “Education USA” dasturi vakillari qatnashmoqda. 

Forumning ochilish tadbirida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov ishtirok etib, qatnashchilarni samimiy qutladi. 

Ma’lumki, joriy o‘quv yilida 25 nafar amerikalik o‘qituvchi va mutaxassislar O‘zbekistonga yetib kelishdi va oliy ta’lim muassasalarida o‘z faoliyatlarini boshlashdi.

O‘zbekiston va AQSh universitetlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri universitetlararo hamkorlik kundan-kunga turli zamonaviy fan va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlanib bormoqda. Ushbu hamkorlik aloqalarini o‘quv jarayonini takomillashtirish, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish, qo‘shma ilmiy dasturlarda ishtirok etish, o‘qituvchilarning malakasini oshirishda ko‘rish mumkin.

Shuningdek, Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari (ACIE) bilan hamkorlikda so‘nggi yillar davomida bir necha o‘nlab respublika oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun AQSh universitetlarida malaka oshirish, qator uzoq va qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.

Anjumanning ochilish qismida AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich ham maʼruza qildi. 

3 kunlik forum davomida Amerika universitetlarining taʼlim dasturlari, ushbu universitetlarda o‘qishga kirish shartlari va tartibi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha chiqishlar va taqdimotlar o‘tkaziladi. Forumning sessiyalaridan biri O‘zbekistondagi universitetlar bilan hamkorlik qilish va O‘zbekiston fuqarolarini AQSh universitetlariga qabul qilish masalalariga bag‘ishlangan.