Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent kimyo-texnologiya institutida muhandislik sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar holati o'rganildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari tomonidan Toshkent kimyo-texnologiya institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev raisligida 2024-yil 20-iyun kuni “Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish” masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishning 32-sonli bayonida belgilangan vazifalar ijrosi holati o‘rganildi.

Belgilangan topshiriqlardan kelib chiqib, Toshkent kimyo-texnologiya institutida 2022-yilda yo‘lga qo‘yilgan “Registrator ofisi” faoliyati qayta tashkil etilgan hamda institutning tashkiliy tuzilmasi xorijiy tajribalar asosida qayta ishlab chiqilishi natijasida har yili iqtisod qilinadigan 5,6 mlrd. so‘m mablag‘ institut laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilmoqda.

Bugungi kunda Toshkent kimyo-texnologiya institutida 6 ta hamkor ishlab chiqarish korxona va tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan 13 ta yirik ilmiy loyihalarni bajarish, oliygohning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda “O‘zkimyosanoat” AJ bilan birgalikda “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki hududida institutning “Oliy muhandislik maktabi” faoliyatini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. 

So’nggi yillarda Islom Taraqqiyot Banki va Jahon Banki mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan loyihalar doirasida umumiy qiymati 19,7 mlrd. so‘m bo‘lgan “Ekologiya”, “Issiqlik texnikasi va termodinamika”, “Hayot faoliyati xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish”, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dastlabki qayta ishlash va saqlash texnologiyasi”, “Gidravlika” kabi o‘quv va ilmiy laboratoriya uskunalari, shuningdek umumiy qiymati 1,139 mln. yevroga teng Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan noyob “Transmission elektron mikroskop” yordamida o‘quv mashg‘ulotlari va ilmiy tadqiqot ishlari bajarilmoqda.

Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan Inno texnopark hududida TKTI va Obuda universiteti (Vengriya) bilan hamkorlikda qo‘shma tajriba-sinov markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida umumiy qiymati 1,2 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 

Shuningdek, Institutda oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi bo‘yicha “Spin-off” korxonasi faoliyat ko'rsatmoqda. 

Bundan tashqari, ishlab chiqarish korxonalarida institutning 10 ta mutaxassislik kafedralari filiallari tashkil etilgan bo‘lib, talabalarni “dual taʼlim” asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan.