Социальные сети

С праздником узбекского языка всех нас!

Avvalo, Siz, azizlarni 21-oktabr qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va maʼnaviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va moʻtabardir.

Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariyning: “Erdam boshi tildur”, yaʼni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, degan so‘zlarida teran haqiqat mujassam. Darhaqiqat, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror moʻjizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.

Xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir. 

Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

Bu haqda gapirganda, yaqinda qabul qilingan tegishli qonunlarga asosan reklama va targ‘ibot materiallarini davlat tilida eʼlon qilish tartiblari hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda o‘zbek tilini bilish darajasi bo‘yicha aniq talablar belgilanganini taʼkidlash lozim.

Milliy ozodligimiz ramzi — boy va betimsol ona tilimiz mangu yashasin!


Hurmat bilan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, professor, B.Sh.Usmonov