Aziz ustoz va murabbiylar,
Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Avvalambor, ustoz-murabbiydek sharafli, zahmatli kasb egalari, aziz professor-o‘qituvchilarimizni «1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni» bayrami munosabati bilan o‘zim va institut jamoasi nomidan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Inson yashar ekan, eng avvalo, unga bilim va maʼrifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekgan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorchilik tuyg‘usi bilan yashaydi. Azaldan olijanob xalqimizda «Elni maʼrifat asraydi» degan purmaʼno naql bor. Zero, ustozlar timsolida aynan maʼrifatli, ilmli, jonkuyar, insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida xizmat qilayotgan oliyjanob insonlar tushuniladi.
Taʼkidlash joizki, millatni taraqqiy etishida, mamlakatni rivojlanishida taʼlimning roli naqadar muhim bo‘lsa, ustozlarning o‘rni ham shu qadar yuksak. Xususan, institutimizning salohiyati oshishida, bugungi mehnat bozoriga zamonaviy bilimli, amaliy tajribaga ega, keng ko‘lamli fikrlay oladigan kadrlar yetishtirib berishda professor-o‘qituvchilarimiz asosiy o‘rinda turadi.
Bugungi kunda institutda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni fan olimpiadalaridagi ishtirokini kengaytirish, ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish “Ustoz-shogird” tizimi asosida yo‘lga qo‘yilgani hamda mazkur tizimli ishlash natijasida talaba-yoshlarimiz turli Respublika va xalqaro tanlovlar, olimpiadalarda munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Albatta, bu kabi yutuqlarga erishishimizda institutimizda faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlarning o‘rni beqiyos.
Muhtaram ustozlar,
Aziz professor-o‘qituvchilar!
Yana bir bor "Ustoz va murabbiylar kuni" bayrami munosabati bilan, Sizni mana shunday fayzli ayyom bilan muborakbod etaman!