Ijtimoiy tarmoqlar

OʻZGARISHLAR MOHIYATI NIMADA?

  Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan maʼmuriy islohotlar doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi, ushbu sohadagi bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.

  Bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maʼmuriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinishi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi funksiyalari va vazifalarining alohida vazirliklarga oʻtkazilishi, shuningdek Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining qayta tashkil etilishi ularning rasmiy nomlanishini va vakolatlarini aniqlashtirish uchun qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilishini taqozo etdi.

  Bu, oʻz navbatida, 2024-yil 7-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinishiga asos boʻldi.

  Mazkur Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining, Sport vazirligining, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining nomlanishi va vakolatlari, shuningdek Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining nomlanishi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.

  Bundan tashqari, yangi qonunda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlimni hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etilishini, kadrlarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashni, shuningdek nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash boʻyicha vakolatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻrtasida taqsimlanishi belgilab berildi.

  Ushbu Qonun oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga, shuningdek davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan koʻrsatilayotgan taʼlim xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.