Adabiyot, yoshlik va sport uyg‘unligida ma’naviy-ma’rifiy tadbir
Bugun Toshkent kimyo-texnologiya instituti Kimyoviy injiniring fakulteti tashabbusi bilan Adiblar xiyobonida "Adabiyot — xalqning yuragi" shiori ostida, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan "Ajdodlarni xotirlash — burchimizdir" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda fakultet Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari D.T.Sidikov, tyutorlar hamda faol talabalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga adibning boy ijodiy merosi, hayot yo‘li va milliy adabiyotimizga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ma’lumotlar berildi. Iste’dodli talabalar tomonidan Ibroyim Yusupovning she’rlari va ular asosida yaratilgan qo‘shiqlar badiiy ijro etildi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan sport musobaqalari — voleybol, arqon tortish, shaxmat va shashka bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.G‘oliblar faxriy diplomlar bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik, adabiyotga hurmat, jismoniy faollik va barkamollik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.