"Adabiyot – xalqning yuragi" shiori ostida, ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unlashgan go‘zal makon – Adiblar xiyoboni yana bir bor yoshlik, sport va ruhiy yuksalish timsoliga aylandi.
Adiblar xiyoboni maskanida yurtimiz adabiyoti va ma’naviyatining yirik namoyandalaridan biri – Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Yusupov hayoti va boy ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan "Ajdodlarni xotirlash – burchimizdir" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida talabalarga Ibrohim Yusupovning hayoti, uning adabiyotga qo‘shgan ulkan hissasi, xalq qalbida qoldirgan o‘chmas izlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shoirning dilga yaqin, yuraklarni larzaga soluvchi she’rlari talaba yoshlar tomonidan o‘qildi, go'zal raqslar ijro etilib adabiy muhitga o‘zgacha ruh bag‘ishlandi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa ma’naviy kamolot bilan bir qatorda jismoniy faollikni rag‘batlantirish maqsadida talabalar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi. Badminton, shaxmat va shashka, arqon tortish kabi aql va epchillikni talab qiladigan sport o‘yinlarida talabalar faol ishtirok etishdi. Bu esa nafaqat musobaqa, balki do‘stona muhit, sog‘lom raqobat va sport orqali ijobiy hissiyotlar manbai bo‘ldi.
Ushbu tadbir yoshlarda ajdodlarimizga hurmat, adabiyotga mehr, sog‘lom hayot tarziga intilish kabi yuksak qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qildi. Ma’naviyat va sport uyg‘unligidagi bunday tashabbuslar, albatta, kelajak avlodning har tomonlama yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga poydevor bo‘ladi.