Ijtimoiy tarmoqlar

Adiblar xiyobonida "Milliy qadriyatlar sayli" bo‘lib o‘tdi

Adiblar xiyobonida "Milliy qadriyatlar sayli" bo‘lib o‘tdi

2025-yil 14-may kuni Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida “Adabiy-maʼrifiy haftaliklar” doirasida “Milliy qadriyatlar sayli” bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich boshchiligida institut professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar.

Tadbir institut rektori B.Sh.Usmonovning ochilish nutqi bilan boshlandi. O‘z so‘zida rektor ushbu haftalik doirasida tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning yoshlarda milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat va eʼtiborni kuchaytirishdagi o‘rni beqiyos ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, u Adiblar xiyobonining adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalarini targ‘ib etishdagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Sayl davomida ishtirokchilarga boy va mazmunli dastur taqdim etildi. 

“Zakovat” intellektual o‘yini orqali talabalar o‘z bilim va tafakkur salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Bu bellashuv iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirishga xizmat qildi.

Milliy raqslar ijrosi tadbirga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Talabalar milliy musiqa sadolari ostida ijro etgan raqslari orqali xalqimizning boy madaniy merosini namoyon etdilar.

She’riyatxonlik jarayonida ishtirokchilar milliy ruhda yozilgan she’rlarni yoddan o‘qib, adabiyotga bo‘lgan mehr-muhabbatlarini ifoda etdilar.

Turli viktorinalar va karaoke musobaqalari esa yoshlarning ijodiy va eslab qolish qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratildi. Ayniqsa, karaoke bo‘limida milliy qo‘shiqlarning kuylanishi ishtirokchilar va tomoshabinlar qalbiga iliqlik bag‘ishladi.

Milliy sport o‘yinlari alohida e’tibor bilan tashkil etildi. 

Ular orasida:

Arqon tortish va tosh ko‘tarish kabi jismoniy kuch talab qiluvchi bellashuvlar,

Bolalik xotiralarini eslatadigan varrak uchirish (varrak sayli), qarab tep, beshtosh va chillaki kabi xalq o‘yinlari,

Milliy g‘urur ifodasi bo‘lgan kurash musobaqalari,

Shuningdek, badminton, shaxmat va shashka kabi sport turlari ham o‘tkazildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi esa tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda yurtimizning turli hududlariga xos an’anaviy kiyimlar namoyish etilib, milliy kiyinish madaniyati keng yoritildi.

Ushbu “Milliy qadriyatlar sayli” talaba-yoshlar qalbida o‘zlikni anglash, boy tariximiz va madaniyatimizga hurmat bilan qarash tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir o‘z mazmun-mohiyati, serqirraligi va madaniy boyligi bilan barchada chuqur taassurot qoldirdi.