Institut rektori boshchiligidagi delegatsiya Latviya tabiiy fanlar va texnologiyalar universitetiga (LTFTU) tashrif buyurib hamkor universitet rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasalari o'rtasida muhim hujjatlar imzolandi hamda hamkorlikning quyidagi ustuvor yo'nalishlarida ishlar amalga oshirilishiga kelishib olindi:
2023-2024 o'quv yilidan boshlab qo'shma ta'lim dasturlarini samarali tashkil etish (qabul jarayonlari boshlangan);
TKTI bazasida hamkorlikdagi xalqaro ilmiy konferensilarni tashkil qilish;
TKTI yosh olimlari, ilmiy izlanuvchi va doktorantlari LTFTU Scopus'ga kiritilgan ilmiy jurnallarida imtiyozli ravishda maqolalarni chop etish.
Shuningdek, TKTI va LTFTU Germaniya hamkorlik tashkilotining (GIZ) Markaziy Osiyoda oziq-ovqat sohasida ta'lim berayotgan o'qituvchilar salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihasini qo'lga kiritgan. Ushbu loyiha doirasida TKTI professor-o‘qituvchilari hamkor universitetda malaka oshirish va stajirovka o'tash imkoniyatlariga ega bo'ladilar.
Tashrifning ikkinchi qismida delegatsiya a'zolari LTFTUning o'quv auditoriyalari, ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdilar.
LTFTUning Yog'ochni qayta ishlash kafedrasi va TKTIning Sellyuloza va yog'ochsozlik kafedrasi hamkorligida Yevropa standarti bo'yicha sinov laboratoriyasini tashkil qilish yuzasidan muzokara olib borildi. Kelgusi bosqichda mas'ul xodimlar tajriba almashinishi kutilmoqda.