2024-yil 30-noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutining "Sanoat ekologiyasi" kafedrasi tomonidan “Sanoat muhandisligi va menejmenti” fakultetida talabalar o‘rtasida “Bu mening yashil sayyoram” mavzusida eko-diktantlar tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu tadbirda fakultet rahbariyati, ekologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va faol talabalar ishtirok etishdi.
Mazkur tanlov mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish, ularda tabiatga mehr va mas’uliyat hissini oshirish, atrof-muhitni asrab-avaylash va ekologik barqarorlikka oid innovatsion fikrlarni rivojlantirishga qaratilgan yirik tashabbuslardan biri sifatida katta ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, tanlov talabalar orasida tabiat resurslaridan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib etishga zamin yaratdi.
Tadbir avvalida "Sanoat ekologiyasi" kafedra mudiri Farrux Igitov so‘zga chiqib, tanlovning ahamiyati haqida to‘xtaldi. U ekologik mas’uliyatni shakllantirish har bir fuqaroning burchi ekanligini qayd etar ekan, tabiat musaffoligini saqlash va “yashil” iqtisodiyotni joriy etish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli ishlar haqida axborot berdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 20-noyabr kungi majlisida 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish tashabbusi mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim strategiya ekanligi qayd etildi.
Diktant yozish jarayonida talabalar atrof-muhitni muhofaza qilishning muhim jihatlarini chuqur anglash imkoniga ega bo‘ldilar. Mazkur tadbir yoshlarning ekologik ongini yuksaltirishda va ularni yashil kelajak uchun amaliy qadamlar tashlashga undashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi loyihalar nafaqat ta’lim muassasalarida, balki butun jamiyatda ekologik madaniyatni rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratadi.