Budapeshtda Turkiy davlatlarning birinchi akademik anjumani boshlandi
2025-yil 25-iyul kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Turkiy davlatlar hamkorligidagi ilmiy-akademik sohani rivojlantirishga qaratilgan muhim voqea — "Turkiy davlatlarning birinchi akademik anjumani" o‘z ishini boshladi.
Mazkur anjuman turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiya sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash, akademik integratsiyani chuqurlashtirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda yosh olimlar o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan.
Anjumanda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich hamda Xalqaro reyting, akkreditatsiya va transformatsiya bo'limii boshlig‘i Sheraliyev Shoxzod institutimiz nomidan ishtirok etmoqda.
Tadbirda Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Vengriya davlatlarining elchilari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda ilmiy doiralar vakillari qatnashmoqda. Ular turli sessiyalar, ma’ruzalar va panel muhokamalar orqali ilmiy hamkorlikning yangi bosqichlarini muhokama qilmoqdalar.
Anjumanning birinchi kunida siyosiy vazir va elchilar qatorida Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori ham o‘z nutqi bilan qatnashdi. Nutqida institutda olib borilayotgan ilmiy va innovatsion yangiliklar, shuningdek, Jizzax shahrida Vengriyaning Obuda universiteti bilan hamkorlikda barpo etilayotgan “InnoTexnopark” haqida so‘z yuritdi.
Anjumanning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
Akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
Turkiy davlatlar o‘rtasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish;
Oliy ta’limda raqamli transformatsiya jarayonlarini kuchaytirish;
Ilmiy grantlar va stipendiyalar asosida hamkorlik qilish;
Talabalar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish.
Ushbu anjuman Turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va strategik hamkorlikni ilm-fan va ta’lim sohalarida yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti vakillari tomonidan ushbu anjumanda institut salohiyati, xalqaro reytinglar, ilmiy-innovatsion loyihalar hamda xorijiy hamkorlik tajribalari bo‘yicha taqdimotlar ham namoyish etilishi rejalashtirilgan.