“EASY” korxonasida amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi
2025-yil 5-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti magistrantlari uchun dars mashg‘ulotlari “Chirchiq kimyo-industrial texnoparki” hududida joylashgan “EASY” korxonasida tashkil etildi.
Mazkur korxona sanoat jarayonlarining samaradorligini oshirish, texnologik uskunalarni korroziya va boshqa salbiy omillardan himoya qilish, hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxonada quyidagi yo‘nalishlarda mahsulotlar ishlab chiqariladi:
– demugatorlar – neft va suvni samarali ajratish uchun;
– korroziya ingibitorlari – quvurlar va sanoat uskunalarini himoya qilish uchun;
– biotsidli yuvuvchi vositalar – biologik ifloslanishga qarshi samarali tozalash uchun;
– maishiy kimyo vositalari – turli yuzalarni tozalash uchun.
Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar ishlab chiqarish texnologik jarayonlari, zamonaviy laboratoriya jihozlari va mahsulot turlari bilan yaqindan tanishdilar.
Bunday amaliy darslar talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va innovatsion yondashuvlarni chuqur o‘rganishida muhim ahamiyat kasb etadi.