Xabaringiz bor, so‘nggi kunlarda Navoiy shahrida atmosfera havosining keskin ifloslanishi aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, nafas olish uchun noqulay sharoitlarni yuzaga keltirganligi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatida atmosfera havosini ifloslantirayotgan bir qator korxonalarning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash, ularning zararli tashlamalarini chuqur tahlil qilish va samarali takliflar ishlab chiqish maqsadida Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan.
Mazkur ishchi guruh tarkibida Toshkent kimyo-texnologiya instituti Sanoat ekologiyasi kafedrasi professori, O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakili, Toshkent shahar Yashnobod tumani Xalq deputatlari kengashi a’zosi, “Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari” bo‘yicha doimiy komissiya raisi X.L.Pulatov hamda “Sanoat ekologiyasi” kafedrasi mudiri F.B. Igitov ishtirok etmoqda.
O‘rganish ishlarining dastlabki bosqichida ishchi guruh a’zolari “SOGDA KIMYO ZAVODI” MCHJ faoliyati bilan tanishdilar. Korxonada mavjud ekologik vaziyat, atmosferaga chiqarilayotgan zararli va zaharli gazlar konsentratsiyasi o‘rganilib, zamonaviy uskunalar yordamida aniqlanmoqda.
Mazkur zavodda sulfat kislotasi, kaliy sulfat hamda kalsiy xlorid mahsulotlari ishlab chiqariladi.
O‘rganish natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar belgilanishi kutilmoqda.