“Eko-Zakovat” turnirida “Kimyogar” jamoamiz muvaffaqiyati!
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashabbusi bilan mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ekologik bilimlarni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan “Eko-Zakovat” respublika turniri o‘tkazilmoqda. Ushbu turnir nafaqat ekologiya borasida talabalarning bilim va salohiyatini oshirish, balki atrof-muhitni asrash, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish masalalarida yoshlar faolligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari ham mazkur nufuzli bellashuvda munosib ishtirok etib, institutimiz sha’nini munosib himoya qilmoqda. Jumladan, “Kimyogar” jamoasi guruh bosqichida bilimdonligi, jipsligi va faolligi bilan ajralib turib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda turnirning keyingi bosqichiga yo‘l oldi.
Endi jamoamiz respublikamizning turli hududlarida saralangan, hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli jamoalar bilan bellashadi. Bu esa talabalarimiz uchun o‘z bilim va salohiyatini yanada kengroq namoyon etish, institutimiz nomini yuksaltirish uchun katta imkoniyatdir.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti jamoasi sifatida barcha ishtirokchi talabalarimizni ushbu yutuqlari bilan tabriklaymiz va ularga keyingi bosqichlarda ham omad, g‘alaba va yangi zafarlarga erishishlarini tilab qolamiz!