Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Toshkent kimyo-texnologiyalar institutida boʻlib, u yerda talabalar uchun yaratilgan sharoit hamda muqobil energiya manbalari boʻyicha loyihalar bilan tanishdi.
Institut rahbariyati muassasada elektr energiyasini tejash borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish va ehtiyojdan kelib chiqib, elektr energiya ishlab chiqarishga moʻljallangan quyosh panellarini oʻrnatish lozimligi qayd etildi. Bu borada amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishtirildi vazir.
Shuningdek, yoshlar vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli xil toʻgaraklarga jalb qilish va faoliyatlarini doimiy ragʻbatlantirib borish boʻyicha masʼullarga koʻrsatma berildi.
Bundan tashqari, vazir har bir oliy oʻquv yurtining brendini yaratish va bu brend yillar oʻtgani sayin har bir bitiruvchi yodida umrbod saqlanib qoladigan sharaf tuygʻusi boʻlishini taʼkidladi.