2024-yil 18-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasining Shandun Fanlar akademiyasi va Shandun tahlil va sinov markazi delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Xayrulla Pulatov, Xalqarolashtirish va transformatsiya departamenti boshlig'i Zebo Babaxanova, Korxonalar va sanoat tarmoqlari departamenti boshlig‘i Anvar Shernayev, Avtomatlashtirish va raqamli boshqaruv kafedrasi Komil Usmonov hamda Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Aziz Uzoqov ishtirok etdi. Xitoy delegatsiyasidan esa Shandun Fanlar akademiyasi xalqaro hamkorlik bo‘limi direktor o‘rinbosari Shao Xiaobo, Shandong tahlil va sinov markazi direktori Wang Xiao, markaz direktorining o‘rinbosari Wang Shanshan va professor Chjan Dong qatnashdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama ilmiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, talabalar va tadqiqotchilar uchun almashinuv dasturlari, magistratura va doktorantura darajasida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, Shandun Fanlar akademiyasining Toshkentda filialini ochish imkoniyatlari, zamonaviy sanoat va texnologik muammolarni hal etishga qaratilgan qo‘shma tadqiqotlar tashkil qilish kabi yo‘nalishlar ko'rib chiqildi.
Xususan, Shandun tahlil va sinov markazi filialini Jizzax shahridagi texnopark hududida tashkil etish taklif qilindi. Ushbu filial mahsulotlar ekspress-tahlili va xomashyo tadqiqotiga ixtisoslashgan bo‘lib, mintaqaviy sanoat va ilmiy-texnologik taraqqiyotga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishdi. Bunday xalqaro aloqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim va texnologiyalarni globallashuv jarayoniga moslashtirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun muhim poydevor yaratadi.