Ijtimoiy tarmoqlar

“INNO” oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida “Tortishish nuqtasi” ilgʻor koʻnikmalarni rivojlantirish markazi ochildi

2024-yilning 19-dekabr kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “INNO” oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida Rossiyaning “Сколково” texnoparki texnologiyalari asosida tashkil etilgan “Tortishish nuqtasi” («Точка притяжения») ilgʻor koʻnikmalarni rivojlantirish markazining ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda vazirlik va idoralar masʼullari, Rossiyaning Skolkovo fan va texnologiyalar instituti, Yangi loyihalarni ilgari surish boʻyicha strategik tashabbuslar agentligi mutasaddilari, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari qatori Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich boshchiligida institut rahbariyati ham ishtirok etishdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirning birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev ochib berib, markaz yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi bosqichi ehtiyojlaridan kelib chiqib, muhandislik taʼlimi modernizatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. 

Biz yaqin yillarda mamlakatning yuqori texnologiyali sanoat salohiyatini yanada yuqori bosqichga koʻtarishni maqsad qilganmiz. Hozirda Oʻzbekistonda zamonaviy ishlab chiqarishlar tashkil etildi, ularga yuqori malakali muhandislar zarur, dedi vazirning birinchi oʻrinbosari. – Endigi bizning vazifamiz energetika, metallurgiya, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, muqobil energiya manbalari, atom energetikasi, neft-gaz ishlab chiqarish, temir yoʻllar qurilishi, toʻqimachilik sanoati kabi sohalar uchun yangi ishlab chiqarishlar kadrlarini tayyorlashdir.

Ushbu markazni tashkil etishdan maqsad – umumiy va qoʻshimcha texnik taʼlim dasturlarini ilgari surish, shuningdek, iqtisodiyotning texnologik sektoridagi kompaniyalar, yetakchi tadqiqot institutlari hamda politexnik universitetlarni oʻzaro hamkorlikka jalb qilishdir.

 “INNO” oʻquv-ishlab chiqarish texnopark hududida birinchi kompetensiyalar markazi – “Tortishish nuqtasi”ning ochilishi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi bilimlar, texnologiyalar va innovatsiyalarni birgalikda yaratishga qaratilgan hamkorlikning yangi bosqichini belgilaydi.

Ikki davlat ilm-fan va taʼlim sohasida uzoq yillik samarali hamkorlikka ega. Oʻzbekiston va Rossiya olimlari oʻrtasidagi fundamental tadqiqotlar va amaliy texnologiyalar sohasidagi qoʻshma ishlar qator muhim ilmiy kashfiyotlar hamda amaliy natijalarga olib kelgan. Masalan, geologiya, qishloq xoʻjaligi va aniq fanlar sohasidagi qoʻshma tadqiqotlar ikki mamlakatning rivojiga hissa qoʻshib, ilm-fan salohiyatini mustahkamladi.

“Tortishish nuqtasi” markazi gʻoyalar, iqtidorlar va imkoniyatlarni oʻziga jalb etuvchi innovatsion maydonga aylanishi kutilmoqda. Uning asosiy missiyasi – yosh iqtidorli avlod, tajribali olimlar va ilgʻor mutaxassislarni zamonaviy muammolarga yechim topish yoʻlida birlashtirishdan iborat.

Ochilish marosimdan soʻng tadbir ishtirokchilari yalpi majlisda ishtirok etib, “Tortishish nuqtasi” markazi orqali amalga oshirilishi kutilayotgan strategik hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Xususan, markaz faoliyatining istiqboldagi modellari, rejalar va kutilayotgan natijalar, shuningdek energetika, metallurgiya, mashinasozlik, konchilik, muqobil energiya manbalari, atom energetikasi, neft-gaz ishlab chiqarishi, temir yoʻl qurilishi, toʻqimachilik, uy-joy qurilishi sohasini raqamlashtirish kabi masalalar muhokamalar markazida boʻldi.