Toshkent kimyo-texnologiya instituti rahbariyati hamda Open Cyber University of Korea vakillari o‘rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
2025-yilning 17-aprel kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutiga Open Cyber University of Korea rejalashtirish bo'yicha vitse-prezident Ji-in Kim, Raqamli konvergentsiyani boshqarish bo'limi boshlig'i Yoo-shin Im, Go'zallik salomatligi dizayni kafedrasi professori Young-whan Sung, AI konvergentsiyasi va muhandislik kafedrasi professori Svetlana Kim hamda Tashqi aloqalar bo'limi direktori Daeyup Yoolar tashrif buyurishdi. Tashrif doirasida institut rahbariyati o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Ushbu uchrashuvda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori B.Sh.Usmonov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor v.v.b Anvar Shernayev, Xalqarolashtirish va transformatsiya bo‘limi boshlig‘i Babaxanova Zebo, Xalqaro hamkorlik va protokol bo‘limi boshlig‘i Saidahmadov Saidumarxon, Oziq-ovqat va parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari texnologiyasi kafedrasi professori Ra'no Akramova hamda Doktorantura va ilmiy-tadqiqotlar bo‘limi boshlig'i Azizbek Kamolovlar ishtirok etdi.
Open Cyber University of Korea delegatsiyasi bilan uchrashuvda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Shukurillaevich Usmonov institutning ilmiy-tadqiqot va ta’lim faoliyati, shuningdek, O‘zbekiston sanoati va korxonalari bilan hamkorlik darajasi haqida ma’lumot berdi. Shuningdek go'zallik-sog'liqni saqlash ta'lim markazini tashkil etish, ikkala institutlar o'rtasida professor-o‘qituvchilar almashinuvi va maslahatchi professor-o‘qituvchilarni tayinlash, akademik foydalanish va kreditni tan olish uchun bepul AKT onlayn kurs mazmunini almashish, TKTI professor-o‘qituvchilari va xodimlariga Koreyada malaka oshirish uchun OCU stipendiyalarini taklif qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.