Ijtimoiy tarmoqlar

Institutimiz professor-o‘qituvchilari Konya shahrining diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishdilar.

Institutimiz professor-o‘qituvchilari Konya shahrining diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishdilar. 

Toshkent kimyo-texnologiya institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari Turkiyaning qadimiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Konya shahrida bo‘lib, shaharning tarixiy, madaniy va ilmiy maskanlari bilan yaqindan tanishdilar.

 Tashrif davomida delegatsiya a’zolari eng avvalo dunyoga mashhur so‘fiy shoir va mutasavvuf Mevlana Jaloliddin Rumiy maqbarasi joylashgan Mevlana muzeyini ziyorat qildilar. Bu muqaddas maskan mehmonlarda chuqur taassurot qoldirib, sukunat, tafakkur va ma’naviyat muhitini ulashdi.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar qadimiy Alaaddin tepasi va masjidi, Karatay madrasasi, Inju minorali madrasasi, Çatalhöyük arxeologik yodgorlik majmuasida bo‘lib, turkiy xalqlarning boy tarixiy merosi bilan yaqindan tanishdilar hamda Konya yaqinidagi qadimgi Yunon qishlog'i- Silledaning tarixiy cherkovlari, toshdan yasalgan uylari va go'zal tabiati bilan tanishdilar.

Zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan joylardan biri bo‘lgan Konya Ilm va Texnologiya muzeyi ham tashrifchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Konya Tropik kapalak bog‘ida noyob tabiiy go‘zallikni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, muhitning ekologik tarbiya berishdagi ahamiyati haqida fikr almashdilar.

 Ushbu tashrif professor-o‘qituvchilarga nafaqat madaniy-ma’naviy saviyani oshirish, balki o‘zaro ilmiy va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish imkonini ham berdi.