2024-yil 27-noyabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti “Sanoat muhandisligi va menejment” fakultetida “Jaholatga qarshi — maʼrifat" mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining matbuot kotibi, Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ilhom Marupov mehmon sifatida ishtirok etdi.
Mazkur tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Boborajabov Bahodir Nasriddinovich, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat bo‘limi boshlig‘i R.T. G‘oziyev, “Sanoat muhandisligi va menejment” fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari B.Sh. Poyanov hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida jamiyat uchun dolzarb mavzulardan biri bo‘lgan yoshlarni yot g‘oyalardan asrash masalasi muhokama qilindi. Ayniqsa, turli ekstremistik guruhlar taʼsiriga tushish xavfini bartaraf etish, milliy va maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ahamiyati taʼkidlandi. Shu bilan birga, mazkur jarayonda oliy taʼlim muassasalarining o‘rni muhimligi alohida eʼtirof etildi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar mavzu yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirib, faol ishtirok etishdi. Talabalarning savollariga Ilhom Marupov batafsil javob berdi. Ilhom Marupov o’z nutqida zamonaviy jamiyatda maʼrifat va bilimning ahamiyatini qayd etib, yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilishda bilim va ongli yondashuvning ustuvorligini taʼkidladi.
Mazkur tadbir yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularning maʼnaviy saviyasini yuksaltirish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Shuningdek, tadbir milliy qadriyatlarimizni yanada mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.