“Kelajak soati” doirasida “Millat qo‘shig‘i” mavzusida ma’rifat darsi o‘tkazildi
Bugun Toshkent kimyo-texnologiya instituti Neft va gaz texnologiyalari fakultetida “Kelajak soati” loyihasi doirasida “Millat qo‘shig‘i” mavzusiga bag‘ishlangan ma’rifat darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi, Ma’rifat darsini fakultet dekani Yusupova Lola Azimovna olib bordi.
Darsning maqsadi: talabalarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining har bir fuqaro hayotidagi o‘rni, ma’naviy ahamiyati va qadr-qimmati haqida chuqur tasavvur hosil qilish, madhiyaga hurmat va ehtirom madaniyatini mustahkamlash.
Dars davomida quyidagi masalalar yoritildi:
“Madhiya” tushunchasining kelib chiqishi, yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati va davlat hayotidagi o‘rni;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining davlat ramzi sifatidagi maqomi;
Madhiyaning vatanparvarlik va milliy g‘ururni shakllantiruvchi kuchi;
Davlat madhiyasini to‘g‘ri ijro etish tartib-qoidalari va unga ehtirom ko‘rsatish madaniyati;
Davlat ramzlaridan to‘g‘ri foydalanish va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha muhim ko‘nikmalar.
Milliy ramzlarimizga hurmat ko‘rsatish — ularni asrab-avaylash, ulug‘lash va qadrlash har bir fuqaroning sharafli burchi ekanligi alohida ta’kidlandi.