Ijtimoiy tarmoqlar

"Kelajak kasblari yo‘lida: PECA V anjumani doirasida ilg‘or ta'lim tajribalari bilan tanishuv" bo'lib o'tdi.

 "Kelajak kasblari yo‘lida: PECA V anjumani doirasida ilg‘or ta'lim tajribalari bilan tanishuv" bo'lib o'tdi.

2025-yilning iyun oyida Bishkek shahrida GIZ xalqaro tashkiloti tomonidan tashkil etilgan PECA V xalqaro loyihasi yakuniy anjumani o‘z ishini davom ettirmoqda. Anjuman doirasidagi 2-kun dasturi Qirg‘izistonning Kara-Bolta shahrida joylashgan professional ta’lim muassasalariga tashrif bilan davom etdi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti Xalqaro hamkorlik va transformatsiya departamenti boshlig‘i Z.A.Babaxanova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Sh. Aripova hamda Oziq-ovqat va parfumeriya-kosmetika mahsulotlari texnologiyasi kafedrasi professori G.Z. Jaxangirova yakuniy anjumanda faol ishtirok etdilar.

Anjumanning ushbu bosqichi O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston delegatsiyalari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar Kompas kolleji hamda M.T.Ibragimov nomidagi Kara-Bolta texnika-iqtisodiyot kolleji faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tashrifdan asosiy maqsad – PECA loyihasi doirasida joriy etilgan innovatsion yondashuvlar, kreativ iqtisodiyot sohasidagi ta’lim shakllari, dual ta’lim tizimi, amaliy mashg‘ulotlar hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining amaliy natijalarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Delegatsiya a’zolari quyidagi jihatlar bilan tanishdilar:

Nazariy va amaliy tayyorgarlikni birlashtirgan dual ta’lim tizimi;

Korxonalar bilan samarali hamkorlik asosida tashkil etilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar;

Talabalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi "Yosh kreatorlar forumi" faoliyati;

Loyiha doirasida yaratilgan zamonaviy laboratoriyalar va ishlab chiqarish ustaxonalari.

Jumladan, quyidagi amaliy infratuzilmalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi:

Sut mahsulotlarini qayta ishlash sexi;

Pivo ishlab chiqarish bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi;

“Non, qandolat va makaron mahsulotlari texnologiyasi”, “Sut va sut mahsulotlari texnologiyasi” laboratoriyalari;

Sensorli tahlil va un ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalar;

Tajribali mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan master-klasslar.

Anjuman yakunida muhim kelishuvlarga erishildi:

Toshkent kimyo-texnologiya instituti professor-o‘qituvchilari uchun 144 soatlik “Masofaviy ta’lim” moduli bo‘yicha malaka oshirish kurslarini Qozog‘istondagi K.I. Satpayev nomidagi Milliy texnika tadqiqot universitetida tashkil etish yuzasidan GIZ bilan kelishuvga erishildi.

“ME.d – masofaviy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha Qirg‘iz davlat texnika universiteti hamkorligida magistratura darajasidagi qo‘shma ta’lim dasturini 2025/2026 o‘quv yilidan joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu tashrif mintaqaviy hamkorlik, ta’limda innovatsion yondashuvlar va xalqaro tajriba almashinuvini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.