Ijtimoiy tarmoqlar

Kimyo sohasida hamkorlik: Andijon maktab-internatida ilmiy tajriba va yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, aholi turmush sharoitini yaxshilash va istiqboldagi rejalarni belgilash maqsadida bir qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Andijon shahar 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'rtasida o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan.

Joriy yilning 23-25-noyabr kunlari Toshkent kimyo-texnologiya instituti "Kimyo" kafedrasi professor-o‘qituvchilari, jumladan, kafedra mudiri, dotsent A.A.Nabiyev, dotsent M.E.Axmedov va dotsent T.F.Olimovalar ushbu maktab-internatga xizmat safari bilan tashrif buyurishdi. 

Xizmat safari davomida kafedra mutaxassislari tomonidan Toshkent kimyo-texnologiya instituti faoliyati, istiqboldagi rejalari, kafedralarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining yirik kimyo ishlab chiqarish korxonalari to‘g‘risida axborot berildi. Shuningdek, institut professor-o'qituvchilari tomonidan seminar-treninglar o‘tkazilib, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirokida qizg‘in savol-javoblar tashkil etildi. 

Bundan tashqari, institut faoliyati haqida yanada to‘liqroq ma’lumot berish uchun tarqatma materiallar va olimlar tomonidan yozilgan kitoblar esdalik sifatida o‘quvchilarga taqdim etildi. Maktab kutubxonasiga quyidagi ilmiy-ommabop qo‘llanmalar topshirildi:

1. “O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining yirik ishlab chiqarish korxonalari” (mualliflar: A.A. Nabiyev, M.E. Axmedov, Sh.O. Olimjonova).  

2. “O‘zbekistonning noorganik moddalar kimyosi sohasidagi kimyogar olimlari” (noorganik kimyo, noorganik moddalar kimyoviy texnologiyasi, nodir va kamyob metallar kimyosi, silikat materiallar kimyosi bo‘yicha) (mualliflar: A.A. Nabiyev, M.E. Axmedov, A.A. Mamataliyev, Sh.A. Kadirova).

Ushbu tashrif ikki tomonlama tajriba almashish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan amaliy qadam bo‘lib, kelgusida hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.