Ijtimoiy tarmoqlar

Kimyo sanoatini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kimyo korxonalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hisobidan tarmoqni tubdan diversifikatsiyalash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, “Maxam-Chirchiq” AJda Toshkent kimyo-texnologiya instituti maxsus kafedralari filiallarini tashkil etish belgilangan.

2025-yil 23-iyul kuni mazkur topshiriqni amaliyotga tatbiq etish maqsadida institutning Akademik faoliyat bo‘yicha prorektori T.T.Safarov, Kimyoviy injiniring fakulteti dekani Sh.Buxorov, hamda Karyera markazi boshlig‘i A.Mirkomilov tomonidan “Maxam-Chirchiq” AJga tashrif amalga oshirildi.

Tashrif davomida korxonaning Kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Yuldashev Sabir Turg‘unovich bilan o‘quv jarayoniga jalb etiladigan auditoriyalar ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, “Maxam-Chirchiq” AJ ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Uzakov Rixsibay Tursunbaevich bilan institut kafedralari filiallarini tashkil etish borasida muhim bandlar yuzasidan muzokaralar olib borildi va kelgusidagi hamkorlik rejasi belgilab olindi.

Ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish va sohaga zamonaviy bilimlarni tatbiq etish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.