Ijtimoiy tarmoqlar

Kimyoviy injiniring fakultetida “Uch avlod uchrashuvi” — Faxriy ustozlar bilan samimiy uchrashuv

Kimyoviy injiniring fakultetida “Uch avlod uchrashuvi” — Faxriy ustozlar bilan samimiy uchrashuv

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent Kimyo-texnologiya instituti Kimyoviy injiniring fakulteti Yuqori molekulali birikmalar kafedrasi tomonidan — “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbir institutning akademik faoliyat bo‘yicha prorektori T.Safarov tomonidan ochib berildi. O‘z nutqida u faxriy ustozlarni institut jamoasi nomidan samimiy qutlab, ularning ibratli hayoti, fidokorona mehnati va institut rivojiga qo‘shgan beqiyos hissalarini alohida e’tirof etdi.

Shundan so‘ng Yuqori molekulali birikmalar kafedrasi mudiri R.Adilov kafedraning bugungi faoliyati, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, yosh kadrlarni tayyorlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida to‘liq ma’lumot berdi.

Tadbir davomida faxriy ustozlar — professor G.R.Rahmonberdiev, akademik A.T.Jalilov, professor A.X.Yusufbekov, Sovplastital korxonasi direktori A.N.Melkumov, dotsent S.M.Xoshimova, professor A.S.Ibodullaev, Sh.T.Abdurashidova so‘zga chiqib, o‘z xotiralari, ilmiy faoliyatlari, yoshlar tarbiyasidagi tajribalari va esdaliklari bilan o‘rtoqlashishdilar.

Ularning samimiy so‘zlari barcha ishtirokchilar, ayniqsa yosh avlod uchun katta ruhiy ozuqa bo‘ldi.

 Tadbir davomida Yuqori molekulali birikmalar kafedrasida faoliyat olib borgan faxriy ustozlar va hozirda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar haqida tayyorlangan ta’sirli videorolik namoyish etildi. 

Ushbu videolavha ustozlarning qadr-qimmati, ularning institut tarixidagi o‘rni va yosh avlod hayotidagi beqiyos ta’sirini yana bir bor yodga soldi.

 Tadbirning ikkinchi qismida esa faxriy mehmonlar uchun osh dasturxoni yozildi.

Samimiy muloqot, esdaliklar va iliq tilaklar ila suhbatlashildi.

Samimiy muloqot va iliq suhbatlarga boy ushbu uchrashuv avlodlar uzviyligi, ustoz-shogirdlik an’analarini mustahkamlash, o‘zaro hurmat va qadrlash tamoyillarini chuqurlashtirishga xizmat qildi. Tadbir yakunida faxriy ustozlar va institut jamoasi esdalik uchun umumiy suratga tushib, bayramona lahzalarni muhrlab olishdi.

Kimyoviy injiniring fakulteti jamoasi faxriy ustozlarga sihat-salomatlik, bardavom kuch-g‘ayrat, ilmiy va pedagogik faoliyatlarida yana-da yuksak marralarni zabt etishlarini tilaydi!