2025-yil 24 va 25-iyun kunlari Toshkent kimyo-texnologiya institutida muhim ilmiy voqea – magistratura bosqichi bitiruvchilarining magistrlik dissertatsiyalarini himoya qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Ushbu magistrlik dissertatsiyalarini himoya qilish jarayonini Akademik faoliyat bo‘yicha prorektor, texnika fanlari doktori, professor Safarov Toyir Tursunovich kirish so'zi bilan ochib berdi.
Ushbu kunlarda institut ilmiy muhitining o‘ziga xos ruhiy ko‘tarinkilik bilan to‘lgani, yosh tadqiqotchilarning ilm-fanga bo‘lgan sadoqati, izlanishga bo‘lgan intilishi va mustahkam tayyorgarligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Har bir bitiruvchi o‘z ilmiy rahbari bilan birgalikda tayyorlagan mavzuni chuqur tahlil qildi, dolzarb muammolar yechimiga oid taklif va xulosalarni ilgari surdi.
Bu himoyalar nafaqat bir bosqichni yakunlash, balki yosh magistrlarimizning ilm-fan sari qo‘ygan muhim qadami, mustaqil tadqiqotchi sifatida shakllanganini tasdiqlovchi jarayon bo‘ldi.
Mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, barcha magistrantlarimiz o‘z dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, yuqori baholarga sazovor bo‘lishdi. Bu – ularning ko‘p yillik mehnati, sabr-toqati va ilmiy izlanishlarga bo‘lgan fidoyiligining natijasidir.
Institut jamoasi nomidan barcha magistrlarimizni ushbu muhim yutuqlari bilan chin yurakdan tabriklaymiz!
Sizlarning bu bosqichdagi muvaffaqiyatingiz – nafaqat shaxsiy g‘alaba, balki jamiyat taraqqiyotiga, ilm-fan rivojiga qo‘shilgan ulkan hissa bo‘lib xizmat qiladi. Kelgusi hayotingizda, professional faoliyatingizda doimo yuksak cho‘qqilarni zabt etib yurishingizni tilaymiz!