2025-yilning 25-fevral kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda "Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi" MChJ tomonidan "Mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda startap-ekotizimini rivojlantirish" forumi bo'lib o'tdi.
Ushbu forumda Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Usmonov Botir Shukurillayevich, Doktorantura va ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i A.B.Kamolov, institut Yoshlar akademiyasi lideri Mavlonboyev Samandar, fakultet Yoshlar akademiyasi liderlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir universitetlar, startap ekotizimi ishtirokchilari, investorlar va korporativ sektor vakillarini bir joyga jamladi. Forum universitetlarni innovatsiya va tadbirkorlik markazlariga aylantirish, talabalarni startap faoliyatiga jalb qilish, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish hamda startap ekotizimi ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Forum startaplar alleyasining tashkil etilishi bilan boshlandi. Bu maydonda talabalarning turli innovatsion g‘oyalari va loyihalari namoyish etildi. Talabalar o‘z startaplari, texnologik yechimlari va biznes g‘oyalari bilan ishtirok etib, investorlar va ekspertlarning tavsiyalarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov startapchilar uchun tashkil etilgan alleyada yosh startapchilar bilan suhbatlashdi hamda startap ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng forumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda vazir Sh. Shermatov so‘zga chiqib, universitetlar va startap ekotizimi o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatiga to‘xtaldi. Talabalarni tadbirkorlikka tayyorlash, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish, davlat va xususiy sektor hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.