Toshkent kimyo-texnologiya institutida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, bilimdonlik va kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida "Ma'rifat izdoshlari: jadidlar yo‘lidan!" shiori ostida ko‘tarinki ruhda kitobxonlik tanlovi tashkil etildi.
Mazkur tanlovda institutning eng faol va bilimli jamoalari: "Kimyogar", "Sensatsiya", "Boburiylar", "Humo", "Uvaysiya" va "To‘maris izdoshlari" jamoalari ishtirok etib, o‘zlarining bilimdonlik va zukkoliklari bilan bellashdilar.
Qizg‘in bahs va munozaralar bilan kechgan tanlovda:
1-o‘rinni "Uvaysiya" jamoasi munosib tarzda qo‘lga kiritdi.
2-o‘rinni "Kimyogar" jamoasi egalladi.
3-o‘rin esa "Humo" jamoasiga nasib etdi.
Jadidlar hayoti va ijodi talabalarni ma’rifatga chorlab, ularda o‘z millati, tarixi va madaniyatiga hurmat hissini uyg‘otadi. Shuningdek, yosh avlodning yetuk, fikrlovchi va zamonaviy fuqarolar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Bu merosni o‘rganish – millatning buyuk kelajagini barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Mazkur tadbir yoshlarning ma’naviy va intellektual rivojlanishiga katta hissa qo‘shib, ularni kitobga, ilm-ma’rifatga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi. Tanlov barcha ishtirokchilar va tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Tafakkur charog‘on bo‘lsin, kitobga mehr sira so‘nmasin!