2024-yil 7-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya institutida xodimlar uchun “Meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan ishlash va kredit-modul tizimini raqamlashtirish” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi. Tadbir institut faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va xodimlarning kasbiy koʻnikmalarini oshirish maqsadida tashkil etildi. Unda institutning Registrator ofisi direktori Ulugʻbek Kadirov, dekan muovinlari, professor-oʻqituvchilar hamda barcha tyutorlar faol ishtirok etdi.
Dastlab, Registrator ofisi direktori Ulugʻbek Kadirov tadbirning ahamiyati va maqsadi haqida batafsil tushuntirish berdi. Ulug'bek Kadirov kredit-modul tizimini joriy etish jarayonida meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni toʻgʻri yuritish va raqamlashtirishning dolzarbligi haqida gapirdi. Shundan soʻng, o‘quv jarayonini rejalashtirish va tashkil etish hamda Hemis axborot tizimida ishlash boʻyicha amaliy koʻrsatmalar taqdim etildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 2-dekabr kuni qabul qilgan quyidagi meʼyoriy hujjatlari boʻyicha tushunchalar berildi:
- 451-sonli buyruq – “Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar bilimini baholashdagi norozilik boʻyicha apellyatsiya arizalarini koʻrib chiqish va dars mashgʻulotlarida qatnashishni tartibga solish”;
- 452-sonli buyruq – “Talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirish”.
Mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyati va ular taʼlim jarayonida qanday oʻzgarishlarni nazarda tutishi keng yoritildi. Shuningdek, oliy taʼlim tizimida mavzuga doir amalga oshirilayotgan soʻnggi islohotlar va innovatsion yangiliklar haqida ham maʼlumotlar berildi.
Maʼruzalardan keyin mutaxassislar seminar tinglovchilarining savollariga batafsil javob berib, sohaga oid muammolarni hal etish boʻyicha tavsiyalar taqdim etdilar.
Tadbir yakunida institut xodimlarining Hemis axborot tizimi va kredit-modul tizimini yanada samarali qoʻllash boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgani qayd etildi.
Ushbu seminar-trening institutda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va taʼlim sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.