“Maker Faire Tashkent – 2025” ilmiy-texnologik festivalida Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari ishtirok etdi!
2025-yil 4–5 oktabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarining Toshkentdagi elchixonasi ko‘magida Amerika Texnologiya Universitetida “Maker Faire Tashkent – 2025” ilmiy-texnologik festivali bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli tadbirda Toshkent kimyo-texnologiya instituti “Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi” kafedrasidan ilmiy rahbar M.B.Umarova boshchiligidagi talabalardan iborat jamoa ishtirok etib, faxrli natijalarga erishdi.
“Maker Faire” — bu ixtirochilar, muhandislar, rassomlar va tadqiqotchilarni birlashtiruvchi, ijodkorlik va texnologiyani uyg‘unlashtirgan xalqaro festival bo‘lib, ilk marotaba 2006-yilda San-Fransiskoda tashkil etilgan. Festival davomida robototexnika, 3D bosib chiqarish, dasturlash, san’at va ilm-fan sohalarida interaktiv master-klasslar, tajriba almashuvlar va loyihalar taqdim etildi.
TKTIning “Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi” kafedrasi talabalari “Eco-shahar” loyihasi bilan faol qatnashib, atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytirish hamda quyosh, shamol va biogaz energiyalaridan samarali foydalanish orqali barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha o‘z ilmiy ishlanmalarini namoyish etdilar.
Loyiha doirasida SWEEBGO — ekologik toza, barqaror va yashash uchun qulay bo‘lgan “kelajak shahri” konsepsiyasining mini modeli taqdim etildi. Ushbu g‘oya resurslardan oqilona foydalanish, toza muhit yaratish va hayot sifatini oshirishga qaratilgan.
Festival O‘zbekistonlik va xorijlik ilm ahllari, muhandislar, dasturchilar, dizaynerlar hamda ijodkorlarni birlashtirib, innovatsion g‘oyalar almashinuvi, yangi bilim va tajriba orttirish uchun keng imkoniyat yaratdi.