Ijtimoiy tarmoqlar

Milliy bank va Toshkent kimyo-texnologiya instituti o‘rtasida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida hamkorlik kelishuvi imzolandi

Milliy bank va Toshkent kimyo-texnologiya instituti o‘rtasida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida hamkorlik kelishuvi imzolandi

2025-yil 20-mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlarining rektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda Toshkent shahrining 40 ta va Toshkent viloyatining 9 ta oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.

Mazkur hamkorlik kelishuvi doirasida yoshlarning bandligini ta’minlash va oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish maqsadida “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi. O‘zbekiston Milliy bankining “Kelajakka qadam” markazi oliygohlar bitiruvchilariga ishga joylashishda yordam beradi, ularning biznes g‘oyalarini amalga oshirish uchun biznes ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashadi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.

Hamkorlik doirasida oliygohlarda “Kelajakka qadam” markazining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Bu bo‘linmalarda o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan bitiruvchi talabalarni aniqlash, ularga biznes ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha o‘quv-treninglar tashkil etiladi. Shuningdek, turli sohalar bo‘yicha biznes rejalar tuzish va kredit hujjatlari to‘plamini tayyorlash bo‘yicha maslahatlar beriladi, talabalarning tayyor loyihalarini moliyalashtirish ham amalga oshiriladi. 

Markaz, ish beruvchilarni jalb qilgan holda, bitiruvchi talabalar o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazib, tanlov g‘oliblari uchun individual kasbiy ta’lim dasturlarini ishlab chiqadi. Bundan tashqari, ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlab, mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Talabalarning ishlab chiqarish ob’yektlaridagi amaliyotini tashkil etish, zarur hollarda chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli kurslarda ishtirokini ta’minlash ham nazarda tutilgan.

Hozirda Milliy bank bilan hamkorlik kelishuvini tuzgan oliy ta’lim tashkilotlari soni 95 taga yetdi, shulardan 7 tasi Andijon viloyatida, 9 tasi Farg‘ona viloyatida, 10 tasi Samarqand viloyatida, 9 tasi Toshkent viloyatida va 50 tasi Toshkent shahrida joylashgan.